
Muhtaram yurtdoshlar, qadrli Urganch davlat universiteti jamoasi!
Siz, azizlarni, kirib kelayotgan Yangi 2026-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga eng katta boylik boʻlgan salomatlik va oilaviy baxt tilayman. Yangi yilda xonadoningizdan cheksiz quvonch, fayz-u baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!
Albatta, oʻtayotgan har bir yil bizga umr va vaqt qadrini yanada chuqurroq his etishimizga, amalga oshirayotgan ishlarimizni sarhisob qilishimizga koʻzgu, kelajak rejalarimizni tuzishga, ustuvor maqsadlarimizni aniqlab olishimizga turtki boʻladi. Ortda qolgan yil universitetimiz uchun ham ulkan yutuq va marralarga boy yil boʻldi.
2025-yil Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti uchun izchil rivojlanish, aniq raqamlar va amaliy natijalar bilan yodda qolarli bo‘ldi. Bugungi kunda universitetda 25 mingdan ziyod talaba tahsil olayotgan bo‘lib, shundan 24 251 nafar bakalavr, 825 nafar magistrant va 201 nafar doktorant ilm olish jarayoniga jalb etilgan. Ta’lim va ilmiy jarayonlarni 940 nafar professor-o‘qituvchi olib bormoqda, ularning 43 nafari fan doktori (DSc), 312 nafari fan nomzodi (PhD), shuningdek, 70 nafar xorijiy professor-o‘qituvchi universitet ilmiy salohiyatini yanada boyitmoqda. Universitet infratuzilmasi ham yil davomida sezilarli ravishda mustahkamlanib, talabalar uchun qulay ta’lim muhitini yaratmoqda.
2025-yilda ta’lim yo‘nalishlari kengayib, 114 ta bakalavriat yo‘nalishi, 54 ta magistratura mutaxassisligi, 42 ta dual ta’lim yo‘nalishi va 30 ta doktorantura ixtisosligi bo‘yicha kadrlar tayyorlandi. Zamonaviy kutubxona fondi 1 800 o‘rinli o‘quv zallari bilan talabalar ehtiyojiga moslashtirildi, laboratoriya bazasi esa 45 ta zamonaviy laboratoriya bilan boyitildi.
Ilmiy faoliyatda 2025-yil, ayniqsa, sermahsul bo‘ldi: universitet olimlari tomonidan Scopus bazasida 777 ta, Web of Science da 409 ta, xorijiy jurnallarda 352 ta ilmiy maqola chop etildi. 69 ta monografiya, 1 105 ta tezis, 15 ta patent ilm-fan natijalarining amaliy ahamiyatini oshirdi. Ilmiy kengashlarda 168 ta ilmiy seminar, 148 ta himoya va 5 ta ixtisoslashgan kengash ilmiy muhitning barqarorligini ta’minladi. Xalqaro hamkorlik doirasida 13 ta davlatdagi 220 ta nufuzli oliygoh bilan aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Energiya tejamkorlik yo‘nalishida 2 020 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilib, 2,25 mlrd so‘m iqtisod qilindi.
Talabalar bandligi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham doimiy e’tiborda bo‘ldi. Bitiruvchilarning 71 foizi ish bilan ta’minlandi, Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda 2 mingdan ziyod tadbirlar o‘tkazilib, ularga 13 ming nafardan ortiq talaba jalb etildi. Universitetda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, sifatli ta’lim va xalqaro hamkorlikning amaliy natijasida Urganch davlat universiteti nufuzli “QS Asia University Rankings–2026” ro‘yxatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, 632-reyting bilan qayd etildi. Natijada Osiyodagi eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari safidan munosib o‘rin oldi.
Shuningdek, 18-noyabr kuni e’lon qilingan “QS Sustainability Rankings – 2026” natijalariga ko‘ra esa universitetimiz 1501+ guruhidan joy oldi.
Talabalarimizning yutuqlari ham bisyor. Sportchi yoshlarimiz “Universiada” musobaqalarida yuksak natijalarga erishib, universitet sha’nini munosib himoya qildilar. Voleybolchi qizlar jamoasi “Universiada–2025” da mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, kurashchilar esa 3 ta oltin, 2 ta kumush hamda 4 ta bronza medal bilan faxrli 1-o‘rinni egallashdi, futbol jamoasi esa turnir g‘olibi bo‘ldi. YU-21 yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida Voleybolchi qizlar jamoasi mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Oltin medal sohibi bo‘lishdi.
Umuman olganda, 2025-yilda erishilgan natijalar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetining zamonaviy, raqobatbardosh va barqaror rivojlanayotgan oliy ta’lim muassasasi sifatidagi mavqeyini yanada mustahkamladi.
Aminmanki, kirib kelayotgan 2026-yil ham nafaqat jamoamiz uchun, balki butun O‘zbekiston xalqi uchun yanada barakali va ilm-fan taraqqiyotida yuksak natijalarga ega sermahsul yil bo‘ladi. Bu borada barchangizga kuch-quvvat, kasbiy barkamollik, o‘quv, ilmiy-pedagogika faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman.
Yurtimizning birligiga, yakdilligiga also ko‘z tegmasin. Bayram kunlarida qilingan barcha ezgu tilaklar ro‘yobga chiqsin!
Kirib kelayotgan Yangi 2026-yil barchamizga muborak bo‘lsin!
Mamnuniyat bilan,
Xodjaniyazov Sardor Umarovich
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori v.v.b., professor.