Close
Skip to main content


“Turizm va ta’lim integratsiyasining zamonaviy modellari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi


Bugun Urganch davlat universitetida Turizm kafedrasi tashabbusi bilan “Turizm va ta’lim integratsiyasining zamonaviy modellari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli anjuman turizm sohasi va ta’lim tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda sohaning dolzarb muammolariga ilmiy yechimlar ishlab chiqishga bag‘ishlandi.

Anjumanning ochilish marosimida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor A.Atamurotov ishtirok etib, konferensiya qatnashchilarini qutladi hamda mazkur tadbirning ilm-fan, ta’lim va turizm sohalari o‘rtasidagi integratsiyani rivojlantirishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Xalqaro konferensiya Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti dekani I.Abdullayev moderatorligida o'tkazildi.

Unda Xitoy, Turkiya va Rossiyadan tashrif buyurgan olimlar hamda mutaxassislar, universitetning Turizm kafedrasi professor-o'qituvchilari mintaqada turizmni barqaror rivojlantirishning iqtisodiy mexanizmlari, turizm va ta’lim integratsiyasining zamonaviy tendensiyalari, raqamli transformatsiya jarayonlari, ekologik turizm istiqbollari va sohada xorijiy tajribalarni joriy etish masalalari yuzasidan ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.