Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



Urganch davlat universitetida xalqaro konferensiya bo'lib o'tmoqda

Bugun, 11-fevral kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “Accelerating English Language Learning in Central Asia”  xalqaro loyihasi doirasida nufuzli konferensiya o‘z ishini boshladi.

Mazkur anjuman “Qozog‘iston va O‘zbekistonda ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy rivojlanishini barqaror qo‘llab-quvvatlash: L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti, Baishev universiteti va Urganch davlat universiteti PRESETT tajribasi misolida” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, 11–12-fevral kunlari davom etadi.

Konferensiyani Urganch davlat universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z.Ibragimov ochib berdi. Shuningdek, Xorijiy filologiya fakulteti dekani Z.Jumaniyozov, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi direktori Michael Houlgate hamda AELLCA dasturi direktori, Britaniya Kengashi O‘zbekiston direktor o‘rinbosari Jamilya Gulyamova so'zga chiqib, loyiha ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Loyiha rahbari, doktor Olanrewaju Olaoye loyiha maqsad va vazifalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etdi.

Anjuman doirasida zamonaviy Qozog‘iston universitetlarida ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashning uch bosqichli modeli, xorijiy til o‘qitishda raqamli vosita va ilovalardan foydalanish, onlayn o‘qituvchilar hamjamiyati orqali bo‘lajak pedagoglarga mentorlik qilish tajribasi kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglanmoqda.

Loyiha doirasida ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish, inklyuziv yondashuvlarni kengaytirish hamda davlat siyosatida ingliz tilining raqobatbardoshlik omili sifatidagi o‘rnini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Mazkur xalqaro hamkorlik mintaqada ingliz tili ta’limi sifatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar va pedagoglar uchun keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Ulashish: