Imkoniyatdan natijagacha: yoshlarga ishonch, kelajakka mas’uliyat


Kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yoshlar bilan muloqot uchrashuvi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida yoshlar masalasi nechog‘lik muhim o‘rin egallayotganini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Ushbu uchrashuv oddiy yig‘ilish emas, balki mamlakat kelajagini belgilab beruvchi, uzoq muddatli strategik qarorlar va aniq mexanizmlarga tayangan tarixiy muloqot bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning 22 milliondan ziyod ulkan ijtimoiy-iqtisodiy va intellektual kuch ekani alohida ta’kidlandi. Bu esa yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi faqat ijtimoiy siyosat emas, balki milliy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va global raqobatbardoshlik masalasi ekanini anglatadi. Aynan shu nuqtayi nazardan qaralganda, yoshlarga qaratilayotgan har bir tashabbus — bu mamlakat kelajagiga qilingan strategik investitsiyadir.
Bugun oliy ta’lim muassasalari, jumladan, universitetlar zimmasiga nafaqat bilim berish, balki yoshlarni real hayotga tayyorlash, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy va tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarishdek ulkan mas’uliyat yuklanmoqda. Prezident muloqotida e’lon qilingan tadbirkorlik dasturlari, startaplarni moliyalashtirish, biznes inkubatorlar, dual ta’lim, “spin-off” loyihalar, xorijda ishlash va tajriba orttirish imkoniyatlari — bularning barchasi ta’lim va mehnat bozorini uzviy bog‘lashga qaratilgan tizimli yondashuvdir.
.jpg)
Alohida ta’kidlash joizki, yoshlar bandligini ta’minlash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Har yili yuz minglab yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishi sharoitida ularni ish bilan ta’minlash faqat mavjud ish o‘rinlarini taqsimlash emas, balki yangi iqtisodiy muhit yaratish, yangi kasblar va yangi tadbirkorlar avlodini shakllantirish orqali amalga oshiriladi. Shu ma’noda, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularning tashabbusini moliyaviy va institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlash — bugungi kunning eng to‘g‘ri va samarali yo‘lidir.
Biz, universitet jamoasi, ushbu muloqotda ilgari surilgan g‘oyalarni chuqur anglagan holda, har bir talabaning bilim olish bilan birga, band bo‘lishi, kasb egallashi va mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lishini o‘z faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishi deb bilamiz. Talabalarning innovatsion fikrlashi, startap loyihalarda ishtiroki, ilmiy izlanishlarni amaliyot bilan bog‘lashi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish bizning burchimizdir.
Ayni paytda, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ulkan bo‘lishi bilan birga, ulardan ongli va mas’uliyatli foydalanishni ham talab etadi. Har bir talaba o‘z kelajagi uchun javobgar ekanini chuqur his etib, bilimga, kasbga, til o‘rganishga, tadbirkorlik va ijtimoiy faollikka intilishi zarur. Zero, imkoniyat — bu tayyor natija emas, balki mehnat va intilish orqali natijaga aylantiriladigan kuchdir.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Prezidentimiz tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan keng ko‘lamli sharoitlar Yangi O‘zbekistonning bilimli, raqobatbardosh, tashabbuskor va band yoshlar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi. Universitet jamoasi esa bu jarayonda yoshlarning ishonchli tayanchi, yo‘l ko‘rsatuvchi va hamkor bo‘lib qoladi.
Bugungi imkoniyatlar — ertangi farovon hayotning mustahkam poydevori, yoshlar bandligini ta’minlash esa mamlakat taraqqiyotining eng muhim kafolatidir. Biz ushbu mas’uliyatni chuqur anglagan holda, yoshlar bilan birga kelajak sari dadil qadam tashlashda davom etamiz.
Sardor Xodjaniyazov
Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Urganch davlat universiteti rektori v.v.b.