Close
Skip to main content


UrDU vakillari “Xitoy–O‘zbekiston hududlararo hamkorlik” xalqaro forumida ishtirok etmoqda

Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining qadimiy Sian shahrida “Xitoy–O‘zbekiston hududlararo hamkorlik” xalqaro forumi hamda forum doirasida “Study in Uzbekistan” milliy ta’lim ko‘rgazmasi tashkil etilmoqda.

Mazkur nufuzli xalqaro forumda Urganch davlat universiteti nomidan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Alimardon Atamurotov hamda Xalqaro talabalarni jalb qilish va ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Nosir Matyakubov ishtirok etmoqda.

Forum va ko‘rgazma davomida xorijiy talaba-yoshlar, ta’lim muassasalari hamda hamkor tashkilotlarga Urganch davlat universitetida yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, xalqaro hamkorlik aloqalari, innovatsion ilmiy loyihalar, akademik almashinuv dasturlari hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etilmoqda.

Mazkur xalqaro maydon Urganch davlat universitetining xorijdagi nufuzini yanada oshirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda universitetning xalqaro ta’lim makonidagi o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida o‘tkazilayotgan “Xitoy–O‘zbekiston hududlararo hamkorlik” xalqaro forumi doirasida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti vakillari bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari, jumladan vazir o‘rinbosari O‘ktam Salomov ham ishtirok etdi.

Mazkur uchrashuv Urganch davlat universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ulashish: