Close
Skip to main content


Oliy sud raisining o‘rinbosari talaba-qizlar bilan muloqot qildi


Bugun Urganch davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari, Ayol Sudyalar assotsatsiyasi rahbari Malikaxon Kalandarova talaba-qizlar bilan muloqot qildi.

Muloqot davomida Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova, Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari Nigora Kutlimuratova, Xorazm viloyati Ma’muriy sudining raisi Jamila Sultonova hamda bir guruh ayol sudyalar ishtirok etdilar.

Tadbirni universitet rektori Feruza Madrahimova ochib berib, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimidagi islohotlar mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetishlarida bunday uchrashuvlarning ahamiyati haqida so'z yuritdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Malika Kalandarova tomonidan ayollarning sud sohasidagi o‘rni, huquqiy soha mas’uliyati hamda sud tizimidagi faoliyatning o‘ziga xos jihatlari haqida to’xtaldi. M.Kalandarova sud tizimiga kirib kelishi bilan o‘rtoqlashar ekan, sudyalik kasbining yuksak mas’uliyat talab etishi, har bir qarorda adolat va tenglik tamoyillariga qat’iy amal qilish zarurligini alohida ta’kidladi. Ayol sudyalar his-tuyg‘ularni jilovlab, faqat adolat mezonlariga tayangan holda qaror qabul qilish sudya sha’ni va kasbiy burchining ajralmas qismi ekanini qayd etdi.

Uchrashuv davomida jamiyatimizda ayol va qizlarga e'tibor, ta'limdagi imkoniyatlar, sud-huquq tizimidagi islohotlar, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud organlarining ochiqligi va shaffofligini oshirish, shuningdek, yosh mutaxassislarni tizimga keng jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Samimiy ruhda o'tgan uchrashuvda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan faol ishtirok etib, mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar.





 

Share