Urganch davlat universitetining tashkil topishi oʻziga xos tarixga ega. Tarixga nazar soladigan boʻlsak, 1935-yilning 9-noyabr sanasida Urganch shahrida Xorazm o‘qituvchilar tayyorlash instituti ochilgan. 1942-yilning birinchi sentabr sanasidan e’tiboran esa bu muassasa Xorazm davlat pedagogika instituti sifatida faoliyat yurita boshlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil fevral oyida e’lon qilingan farmoniga asosan, Xorazm davlat pedagogika institutiga universitet maqomi berilib, Urganch davlat universiteti tashkil etildi. Dargoh ta’limiy, tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy faoliyatini zamon talablari, ruhiyati asosida qayta ko‘rib chiqish ishlarini zamonaviy loyihalar asosida 1990-yillar oxirida qurib bitkazilgan yangi binoga o‘tish bilan boshlab yubordi.
Hozirda Urganch davlat universitetida 12 ta fakultetlar va magistratura bo‘limida talabalar ta’limi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jami 42 ta kafedralarda ming nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Universitetda mavjud 102 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi, 51 ta magistratura mutaxassisliklarida jami 25 mingdan ortiq talaba kunduzgi, kechki hamda masofaviy ta’lim shakllarida tahsil olishadi.
Ta’lim jarayonlari xalqaro talablarga moslashtirilgan. Talabalar ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yetarli darajada ta’minlangan bo‘lib, universitetning 8 ta o‘quv binosida 557 ta auditoriya: jumladan, 42 ta ma’ruza, 355 ta amaliy va seminar mashg‘ulotlari, 12 ta lingafon, 63 kompyuter sinflari, 85 ta boshqa turdagi auditoriyalar mavjud bo‘lib, universitetda o‘quv jarayoni 2 smenada tashkil qilinadi.
Ta’lim sifatini ta’minlashni HEMIS elektron ta’lim boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etilgan.
Urganch davlat universiteti xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim va ilmiy sohada hamkorlik aloqalar geografiyasini kengaytirish maqsadida 40 ta mamlakatning nufuzli 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan shartnoma imzolab, hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘quv jarayonlariga Rossiya, AQSh, Xitoy, Ukraina, Polsha, Sloveniya, Koreya, Turkiya, Eron va Belorus Respublikasi kabi qator davlatlarning oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari jalb qilinmoqda.
Bularning barchasi universitetni har tomonlama yuksaltirish, talabalarning chuqur bilim olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy moddiy-texnik baza bilan ta’minlash, yuksak ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.