Close
Skip to main content


“Zamonaviy biologiya, ekologiya va qishloq xo‘jaligida innovatsion yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o’tkazilmoqda


Bugun Urganch davlat universitetida Tabiiy va qishloq xo‘jaligi fanlari fakulteti tashabbusi bilan “Zamonaviy biologiya, ekologiya va qishloq xo‘jaligining dolzarb muammolariga innovatsion yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Konferensiyani Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor A.Atamurotov ochib berib, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida xalqaro hamkorlikning o‘rni, innovatsion yondashuvlarning ahamiyati hamda oliy ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur nufuzli anjumanda AQSH, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikasi hamda respublikamizning turli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan yetakchi olim va mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Anjumanda Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi, professor I.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor S.Mambetullayeva va boshqa sohaning yetakchi olimlari so‘zga chiqib, biologiya, biotexnologiya, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi dolzarb masalalar, ularni innovatsion yondashuvlar asosida hal etish hamda ilg‘or texnologiyalarning amaliy ahamiyati yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.

Ta’kidlanganidek, konferensiyada xorijlik olimlar ham qatnashmoqda. Jumladan, AQSHning Texas shtati, Bushland shahridagi USDA-ARS-CPRL ilmiy markazi olimi Robert C.Schwartz, Turkiyaning Ege universiteti professori Jemal Ün hamda Butunrossiya qishloq xo‘jaligi biotexnologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti vakili Bobur Nadjodovlarning ilmiy ma’ruzalari ham tinglandi.

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.








 




 

Share