Urganch davlat universiteti maktabida “Soʻnggi qoʻngʻiroq bayrami” oʻtkazildi
Bugun 25-may – “Soʻnggi qoʻngʻiroq bayrami” butun Respublikamiz singari Urganch davlat universiteti huzuridagi Fizika-matematika va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabida ham katta shodiyona bilan nishonlandi.
Tadbirda UrDU professor-oʻqituvchilari, maktab jamoasi, bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etishdi. Maktab direktori Gulchehra Eshjonova katta hayot ostonasiga qadam qoʻyayotgan bitiruvchilarni samimiy tabriklab, kelgusi faoliyatlarida rivoj tiladi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilda ushbu makatbni 60 nafar o'quvchi muvaffaqiyatli tamomladi. Ularning 5 nafari oltin, 1 nafari kumush medal sohibi boʻlishdi. 12 nafari fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qo'lga kiritishdi. 80 ta sertifikatga ega bo'lishdi. Tadbir davomida bitiruvchilarning ushbu yutuqlari e’tirof etilib, ularning ustozlari va ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Bayram dasturida o‘quvchilarning kuy-qo‘shiqlari va sahna chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbir yakunida bitiruvchilarga oq yoʻl tilanib, ular kelgusida ham yurtimiz ravnaqi, ilm-fan va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan yetuk kadrlar boʻlib yetishishlariga ishonch bildirildi.


.jpg)
.jpg)

.jpg)
.jpg)

