Close


Urganch davlat universiteti Kengashining 8-majlisi bo‘lib o‘tdi


30-mart kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Ilmiy kengashining 8-majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish universitet rektori Feruza Madraximova raisligida, Kengash a’zolari ishtirokida tashkil etildi. 

Kengash quvonchli xabarlar bilan boshlandi. Dastlab universitetning ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida salmoqli hissa qo‘shayotgan professor-o‘qituvchilarga ilmiy daraja va unvonlarining diplomlari topshirildi.

Rektor barcha diplom egalarini samimiy qutlab, ilmiy izlanishlarni izchil davom ettirish, yangi g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasida universitet rahbariyati har doim tayyor ekanini alohida ta’kidladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomli davlat stipendiyasi sovrindorlari, shuningdek, Urganch davlat universiteti tomonidan ta’sis etilgan stipendiyalar sohiblariga guvohnomalari topshirildi.

Shuningdek, 23-28-mart kunlari Turkmaniston Respublikasida o’tkazilgan matematika fani bo'yicha VI Xalqaro ochiq fan olimpiadasida munosib ishtirok etib, individual tarzda 2 ta Oltin, 3 ta Kumush, 2 ta Bronza jami 7 ta medalni qo'lga kiritgan Fizika-matematika fakulteti talabalariga sertifikatlari, ustozlariga esa tashakkurnomalar topshirildi.

Kengash yig‘ilishida kun tartibiga kiritilgan muhim masalalar yuzasidan mas’ullarning axborot va hisobotlari tinglandi. Xususan, yig‘ilish davomida quyidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi:

* O‘zbekiston Respublikasining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga oid dolzarb axborotlar; 
* universitet Axborot-resurs markazi faoliyati; 
* bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash hamda “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida kredit ajratish holati; 
* talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi; 
* kafedralarda ta’lim jarayoni sifati hamda o‘quv-me’yoriy hujjatlar talablarining bajarilishi. 

Har bir masala yuzasidan Kengash raisi Feruza Madraximova tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi va ijro intizomini kuchaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Universitet faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim sifati va boshqaruv samaradorligini oshirish borasida muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, yig‘ilishda turli masalalar keng muhokama qilinib, lavozimlarga va OAK ilmiy unvonlariga saylovlar o‘tkazildi.

Ulashish