Urganch davlat universitetining 9-sonli Kengash yig’ilishida UNIVERSITET LOGOTIPI tasdiqlandi. Yangi logotip Urganch davlat universitetining strategik qarashlari, tarixiy ildizlari va kelajak ambitsiyalarini o’zida birlashtirgan. U bilimdan kuch olgan holda yuksalishga intilayotgan, an’analarga tayanib, innovatsiya sari dadil qadam tashlayotgan zamonaviy universitet obrazini yaratadi.
Logotip konsepsiyasi va mazmuni quyidagicha:
Logotipda aks etgan yuqoriga intilgan vertikal ustunlarda yuksalish falsafasi aks etgan bo’lib, u universitetning strategik yo‘lini ifodalaydi. Bu universitetning bosqichma-bosqich rivojlanishi, akademik va ilmiy mustahkamlik hamda xalqaro maydonga chiqishga bo‘lgan qat’iy intilish timsolini anglatadi. Har bir ustun bilim, tajriba va innovatsiyaning uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keladigan yangi cho‘qqilar bilan birga, Uchinchi Renessans poydevorini bildiradi.
Logotip markazidagi ochiq kitob bilim manbai va tafakkur erkinligi bo’lib, bu universitetning tub mohiyatini ifodalaydi. Shu bilan birga, erkin fikrlash, izlanish va yangilik yaratishga ochiq muhitni anglatadi. Bu esa har bir talaba va olim uchun imkoniyatlar eshigi doimo ochiq ekanligining ramziy ifodasidir. Kitobdan yuqoriga yo‘nalgan elementlar shuni anglatadiki, haqiqiy yuksalish faqat ilm-fan va ta’lim orqali amalga oshadi. Ushbu kompozitsiya talabaning oddiy bilim oluvchidan yetuk mutaxassis, lider va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi shaxsga aylanish jarayonini ifodalaydi.
90 yildan ortiq tarixga ega universitetimiz logotipidagi “1935” yozuvi tarix va barqarorlik ramzini anglatadi. Bu yillar davomida universitetda avlodlar almashinuvi, ilmiy maktablar shakllanishi va an’analarning davomiyligini ifodalaydi. Eng muhimi, universitetning deyarli bir asrlik tajribasi uning bugungi yutuqlari uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini anglatadi.
Logotipning yashil rangda aks etishi chuqur ramziy ma’noga ega bo’lib, u barqaror rivojlanish, o’sish, yangilanish, va kelajakka mas’uliyat falsafasini anglatadi. Bu universitetning doimiy o‘sishda ekanini, yangi g‘oyalar va tashabbuslarga ochiqligini ifodalaydi.
Logotipda minimalizm va zamonaviylik uyg’un holda aks etgan bo’lib, ushbu soddalik logotip mazmunining chuqur ekanligini anglatadi. Odatda, minimalistik dizayn ortiqcha bezaklardan xoli bo‘lib, mazmunni qisqa va aniq yetkazadi. Ushbu yondashuv universitetning zamonaviy, ochiq va xalqaro akademik makonga integratsiyalashgan muassasa ekanligini ko‘rsatadi.









