Bugun Urganch davlat universitetida O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Turkiyaning Başkent universiteti hamda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi hamkorligida buyuk mutafakkir va tasavvuf ilmining yirik namoyandasi Shayx Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligi munosabati bilan Filologiya va san’at fakulteti tomonidan “Filologiya va san’atshunoslikning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Anjumanning ochilish marosimida Urganch davlat universiteti O'quv ishlari bo'yicha prorektori G'ayrat Rahimov kirish so‘zi bilan qatnashib, Shayx Najmiddin Kubroning jahon tamadduni va islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda yosh avlod ongiga singdirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi. Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman Filologiya va san'at fakulteti dekani Dilshod G'ayipov moderatorligida bo'lib o'tdi.
Anjumanda respublikamizning yetakchi olimlari hamda Turkiya va Ozarbayjon oliy ta'lim muassasalaridan tashrif buyurgan professorlar ishtirok etib, filologiya, folklorshunoslik, tilshunoslik va san’atshunoslik sohalaridagi dolzarb ilmiy masalalar yuzasidan ma’ruzalar qildilar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov, Turkiyaning Sakarya universiteti professori Dr.Kemal Yavuz Ataman, Turkiyaning Yildiz texnika universiteti professori Sulaymon Do‘g‘an singari olimlar ma'ruzalari bilan chiqish qildilar.
Konferensiya ertaga, 3-iyun kuni Shayx Najmiddin Kubroning boy ma’naviy merosi, uning hayoti va ijodini o‘rganish masalalari, o‘zbek folklorshunosligi, adabiyotshunoslik, tilshunoslik hamda san’atshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan sho‘ba yig‘ilishlarida davom etadi.


.jpg)

.jpg)
.jpg)


.jpg)
.jpg)