Close
Skip to main content


Xitoyning Lyaonin provinsiyasi delegatsiyasi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi

29-aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasining Lyaonin provinsiyasi delegatsiyasi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi.  Dastlab Lyaonin provinsiyasi Xalq hukumati Tashqi aloqalar boshqarmasi bosh direktori o‘rinbosari Chjao Xunbin hamda Lyaonin pedagogika universiteti prorektori Li Yujyun va mazkur universitet vakillari bilan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakili hamda universitet rektori Feruza Madrahimova boshchiligida rasmiy muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralar jarayonida rektor F.Madrahimova tomonidan Urganch davlat universitetining Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.  Shuningdek, Xiva shahrida tashkil etilayotgan Lyaonin pedagogika universiteti filialini tashkil etilishi oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlanishda muhim ahamiyatga egaligini va bu borada universitet doim hamkorlikka tayyor ekanligini aytib o’tdi. Ayniqsa, UrDU bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan Konfutsiy instituti nafaqat xorijiy til masalasida, balki madaniyatlararo rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tomonlar psixologiya, filologiya va injiniring yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.

Tashrif davomida delegatsiya universitetning Axborot-resurs markazi, universitet tarixi muzeyi hamda Xitoy markazi faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, xitoylik talabalar ishtirokidagi dars jarayonlarini kuzatdi. 

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida delegatsiya Xiva shahrida barpo etilayotgan Lyaonin pedagogika universiteti filiali qurilish maydoniga tashrif buyurib, kampus loyihasi va infratuzilmasi bilan tanishdi. Uchrashuvda filialda o‘quv jarayonini tashkil etish, talabalarni qabul qilish va imtihon tizimlari yuzasidan muhim masalalar muhokama qilindi.

Delegatsiya a’zolari qadimiy Xiva shahrining  “Ichan qal’a” majmuasiga ham tashrif buyurib, Xorazmning betakror tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar.

Ulashish: