Close
Saytda texnik ishlar olib borilmoqda!
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



Adabiyot va ma’rifat bayrami: UrDUda Erkin Samandar tavalludining 90 yilligi nishonlandi


Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida zamonaviy o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibi Erkin Samandar tavalludining 90 yilligi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir doirasida shoirning hamda u haqidagi “Tanlangan asarlar”, “Mening otam”, “Erkin Samandar: shoir, yozuvchi, dramaturg, publitsist, davlat va jamoat arbobi”, “Xorazm farzandiman” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ijodiy kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, “Sharq yulduzi” va “Звезда востока” jurnallari bosh muharriri, shoir Sirojiddin Rauf, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, noshir va jurnalist Arslan Bayrit, “Shuhrat” medali sohibasi, shoira, Sayyora Samandarova, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining bir guruh a’zolari, Filologiya va san’at fakulteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, Erkin Samandarning yaqinlari, shogirdlari hamda oila a’zolari ishtirok etdilar.

Tadbirni UrDU birinchi prorektori D.Ibadullayev kirish so‘zi bilan ochib berib, shoirning serqirra ijodiy faoliyati, o‘zbek adabiyoti va jurnalistikasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida so‘z yuritdi. Adabiy kechaga Filologiya va san’at fakulteti dekani D.G‘ayipov moderatorlik qildi. 

So‘zga chiqqan mehmonlar Erkin Samandarning hayot yo‘li, mehnat faoliyati, adabiyot va madaniyat sohasidagi xizmatlari, davlat arbobi sifatidagi faoliyati, yuksak insoniy fazilatlari haqida iliq fikrlar bildirib, ijodkorning asarlari yuzasidan o‘z mulohazalarini bayon etdilar.

Taqdimot tadbiri doirasida mehmon ijodkorlarga universitet rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bu e’tibor ijod ahliga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi. Shu bilan birga, tadbirda ishtirok etgan ijodkorlar tomonidan o‘zlarining asar va kitoblari Urganch davlat universiteti kutubxonasiga hadya etildi. Mazkur kitoblar oliygohning boy ilmiy-adabiy fondini yanada kengaytirib, talaba-yoshlar va kitobxonlar uchun qimmatli ma’naviy manba bo‘lib xizmat qiladi.

Ulug‘ shoir va yozuvchi Erkin Samandar tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirda Filologiya va san’at fakultetining talaba-yoshlari tomonidan shoir ijodiga oid she’riy chiqishlar namoyish etildi.  Shuningdek, San’at kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan ijodkor hayoti va asarlariga hamohang kuy-qo‘shiqlar mahorat bilan ijro etildi. Musiqiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha ruh va badiiy yaxlitlik baxsh etdi.

Mazkur ijodiy kecha buyuk adib merosiga bo‘lgan ehtiromni yana bir bor namoyon etib, talaba-yoshlarning adabiyot va san’atga bo‘lgan mehrini yanada oshirishga xizmat qildi.

Ulashish