Close
Skip to main content


“O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi


Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi hamda “21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda universitetning barcha fakultetlaridan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida universitet rektori Feruza Madrahimova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni O‘zbek tili bayrami bilan samimiy tabrikladi. O‘z tabrigida ona tilimizning milliy o‘zligimizni anglash, xalqimizning boy ma’naviy merosi, qadriyatlari va tarixiy xotirasini asrab-avaylashdagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng O‘zbek tilshunosligi kafedrasi olimlari tomonidan ona tilimizning tarixiy taraqqiyoti, bugungi mavqeyi va rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy ma’ruzalar taqdim etildi.Tadbirning ikkinchi qismi San’at kafedrasi professor-o‘qituvchilari va ijodiy jamoalari ishtirokidagi badiiy-musiqiy dastur bilan davom etdi. Unda “Til qo‘shig‘i”, “Jafo qilursan”, “Ey sabo”, “Qaro bo‘lib tur”, “Guldasta”, “Umid” kabi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Shuningdek, “Tabassum” dutorchilar ansambli, “Jayxun” orkestr jamoasi hamda raqs ijrochilarining chiqishlari bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.