Rektorning fakultet jamoalari bilan uchrashuvlari davom etmoqda
Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madraximovaning navbatdagi uchrashuvi Kimyoviy texnologiyalar fakulteti professor-o‘qituvchilari jamoasi bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida rektor kafedralar kesimida ilmiy salohiyat holati bilan yaqindan tanishib, professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanini ta’kidladi. Xususan, dissertatsiya ishlarini tayyorlash va himoya qilish jarayonlari uchun zarur shart-sharoitlarni yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada professor-o‘qituvchilarning mavjud muammolari tinglanib, ularni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Kimyoviy texnologiyalar fakulteti va Texnopark o‘rtasida hamkorlikni toʻliq yoʻlga qoʻyish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Xalqaro grant loyihalarida faol ishtirok etish, Scopus bazasiga kiruvchi nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Urganch davlat universitetini xalqaro reytinglarda, xususan Top-1000 talikka kiritish strategiyasida mazkur yo‘nalishlarning tutgan o‘rni alohida qayd etildi.
Uchrashuv davomida fakultet dekani Sh.Kuramboyev tomonidan fakultet faoliyati yuzasidan taqdimot qilinib, amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda professor-o‘qituvchilarning taklif va tashabbuslari, mavjud muammolar keng muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.





