Bugun 8-aprel kuni soat 14.00 da asosiy binoning 216-xonasida "Roman-german filologiyasi" kafedrasining navbatdagi ilmiy-nazariy seminari boʻlib oʻtdi.
Seminarda Germaniyaning SES tashkiloti a’zosi, dotsent Wilhelm Rottmann “Sun’iy intellektdan foydalanishning ijobiy va salbiy tomonlari” mavzusida ma'ruza qildi.
Seminar davomida sun’iy intellektning ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalaridagi samaradorlikni oshirishdagi o‘rni, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish imkoniyatlari hamda innovatsion rivojlanishga qo‘shayotgan hissasi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, texnologiyadan haddan tashqari foydalanish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar - inson omilining kamayishi, axborot xavfsizligi, akademik halollik masalalari ham muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar sun’iy intellektdan oqilona va mas’uliyat bilan foydalanish zarurligi yuzasidan fikr almashdilar hamda kelgusida bu yo‘nalishda ilmiy hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.