Sapayev Shixnazar Omon o‘g‘li – matematik modellashtirish, sonli usullar va dasturiy majmualar sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchi hamda pedagog. U o‘z ilmiy faoliyatini murakkab fizik jarayonlarni matematik modellashtirish, xususan, issiqlik o‘tkazuvchanligi masalalarini sonli usullar yordamida tadqiq etishga bag‘ishlagan. Ilmiy izlanishlarida chekli elementlar usuli, variatsion yondashuvlar va zamonaviy hisoblash algoritmlaridan samarali foydalanadi.
Shixnazar Sapayev dasturlash va axborot texnologiyalari yo‘nalishida ham faol ish olib boradi. U C++, C#, Java, PHP va Python dasturlash tillarida dasturiy mahsulotlar yaratish tajribasiga ega bo‘lib, desktop ilovalar, mobil ilovalar, web saytlar, Telegram botlar hamda ilmiy-amaliy dasturlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Uning qiziqishlari algoritmlar, ma’lumotlar bazasi va dasturlash texnologiyalarini qamrab oladi.
Pedagog sifatida talabalar bilan ishlash, o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlash va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etishga alohida e’tibor qaratadi. U “Dasturlash asoslari”, “Algoritmik tillar va dasturlash”, “Dasturlash 1,2”, “Ma'lumotlar tuzilmasi va algoritmlar”, “Dasturlash texnologiyalari”, “Pythonda masalalar yechish”, “Mobil ilovalar yaratish”, “Web dasturlash”, “Ma’lumotlar bazasi”, “Loyihalarni boshqarish”, “Axborot texnologiyalari” “Algoritmlarni loyihalash”, “Algoritmlar va dasturlash texnologiyalari” kabi fanlar bo‘yicha o‘quv materiallari, ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar ishlab chiqishda faol ishtirok etadi.
Ilmiy faoliyati davomida matematik modellashtirish va sonli usullar ilmiy maqolalar tayyorlab, xalqaro konferensiyalar va ilmiy nashrlarda o‘z tadqiqot natijalarini e’lon qilib kelmoqda.