Close
Skip to main content


Yoshlar bilan ochiq muloqot —Rektorning liderlar jamoasi shakllanmoqda


Bugun Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova universitetning bir guruh iqtidorli talabalari va Yoshlar ittifoqining koordinatorlari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi ishtirokchilar rektor tashabbusi bilan tashkil etilgan “Rektorning liderlar jamoasi”ning bir qismi bo‘ldi. Mazkur jamoa universitetda yetakchi, faol va tashabbuskor yoshlarni birlashtirish, ularning salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Uchrashuv motivatsion ruhda o‘tdi. Rektor tomonidan talabalarga doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, kitobxonlikni kengaytirish, xorijiy tillarni o‘rganish, intellektual salohiyatni oshirish, liderlik qobiliyatlarini rivojlantirish hamda qat’iyat bilan o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Shuningdek, fakultet koordinatorlarining asosiy vazifalari alohida ta’kidlanib, ular o‘zlariga biriktirilgan talabalarning muammo va takliflarini muntazam o‘rganib borishlari, rahbariyat bilan hamkorlikda ularning yechimlarini topishda faol bo‘lishlari zarurligi qayd etildi. Turli loyihalarni amalga oshirish orqali talaba-yoshlarni birlashtirish va ularga yetakchilik qilish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqot davomida yoshlar o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdilar. Ularni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.














 


 

Ulashish