Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Bo`sh ish
    o`rinlari


Oliy ta’lim muassasalari talabalariga

stipendiyalar tayinlash va to‘lash

tartibi to‘g‘risidagi

YO‘RIQNOMA

Mazkur Yo‘riqnomaga quyidagilarga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilgan
AV 26.08.2005 y. 1339-1-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori, 
AV 13.02.2008 y. 1339-2-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori, 
AV 07.08.2012 y. 1339-3-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori, 
AV 30.06.2015 y. 1339-4-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori, 
AV 19.08.2016 y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori
Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 17 avgustdagi “Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida” 344-son qarorining 3-bandini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan hamda Oliy ta’lim muassasalarining talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi. 
1. Mazkur Yo‘riqnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi: 
stipendiya - Oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha va pulli - kontrakt asosda kunduzi o‘qiydigan, davomati yaxshi bo‘lgan talabalariga (bundan chet ellik talabalar mustasno), O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’i nazar, to‘lanadigan oylik pul ta’minoti (nafaqa). 
Stipendiya chuqur kasbiy bilimlarni egallash va davomatni oshirishda talabalarni rag‘batlantirish, mutaxassislarni tayyorlash sifatini yanada oshirish uchun zarur sharoitlar barpo etish maqsadida to‘lanadi; 
stipendiya komissiyasi - Oliy ta’lim muassasalarida talabalarga stipendiyalar tayinlash uchun o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor raisligida bir o‘quv yiliga fakultetlarning dekanlari (bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmagan oliy ta’lim muassasalarida - O‘quv-uslubiy bo‘lim (boshqarma) boshlig‘i), kasaba uyushmasi va yoshlar tashkilotlari, akademik guruhlar, buxgalteriya vakillaridan tashkil etiladigan va Oliy ta’lim muassasasining rektori (uning vazifalarini bajaruvchi shaxs) tasdiqlaydigan komissiya; (AV 19.08.2016 y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang) 
reyting nazorati - Oliy ta’lim muassasasida davlat ta’lim standartlariga kiradigan fanlar bo‘yicha talabalarning bilim va mahoratlarining attestatsion sinovlari; 
ulgurayotgan talaba - bundan avvalgi o‘quv semestri uchun reyting nazorati natijalari bo‘yicha akademik qarzi bo‘lmagan talaba. 
2. Talabalar davomatining darajasiga bog‘liq holda stipendiyalarning miqdorlari tabaqalanadi. 
3. Oliy ta’lim muassasalarida 2001 yil 1 sentyabrdan boshlab talabalarning davomatiga bog‘liq holda tabaqalangan koeffitsientlarni qo‘llash bilan stipendiyalarning bazaviy miqdorlarlari belgilangan: 
reyting bo‘yicha eng yuqori ballar (86-100%) - 1,0; 
reyting bo‘yicha yuqori ballar (71-85%) - 0,75; 
reyting bo‘yicha o‘rtacha ballar (55-70%) - 0,5. 
AV 19.08.2016 y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq sakkizinchi xatboshi chiqarib tashlangan
Oliy ta’lim muassasalarining turi va talabalarning toifalariga bog‘liq holda stipendiyalarning miqdorlari mazkur Yo‘riqnomaga ilovada keltirilgan. 
4. Davlat grantlari bo‘yicha va pulli - kontrakt asosida o‘qiyotgan bakalavriat va magistratura birinchi kursining talabalariga stipendiya miqdori birinchi o‘quv semestrida stipendiyaning bazaviy miqdoridan 0,5 koeffitsientini qo‘llagan holda belgilanadi. Ikkinchi va undan keyingi semestrlarda stipendiya tabaqalangan koeffitsientlarni qo‘llagan holda talabalarning davomati (reytingi)ga bog‘liq ravishda tayinlanadi. 
5. Ulgurayotgan tabalalarga stipendiya tayinlash o‘quv yilida ikki marotaba o‘tkaziladi va stipendiya har bir o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab to‘lanadi. 
Toshkent davlat yuridik universitetida ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlash o‘quv yilida ikki marotaba o‘tkaziladi va stipendiyalar yakuniy nazorat natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, har bir o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab tayinlangan holda to‘lanadi. (AV 30.06.2015 y. 1339-4-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi) 
6. Ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlashni stipendiya komissiyasi quyidagi tartibda amalga oshiradi: 
O‘quv semestrining barcha fanlari bo‘yicha talabaning haqiqiy reytingi ko‘rsatkichlarini belgilash uchun asos bo‘lib belgilangan tartibda to‘ldirilgan, reyting nazorati bo‘yicha qaydnomalar yoki talabaning reyting daftarchasi hisoblanadi, ular teng kuchga egadir. 
O‘quv semestri mobaynida har bir fan bo‘yicha eng yuqori ballarning 86-100 foizini to‘plagan talabaga 1,0 koeffitsienti bilan stipendiya tayinlanadi. 
O‘quv semestri mobaynida har bir fan bo‘yicha eng yuqori ballarning 71-85 foizini to‘plagan talabaga 0,75 koeffitsienti bilan stipendiya to‘lanadi. 
O‘quv semestri mobaynida bir yoki undan ko‘p fanlar bo‘yicha eng yuqori ballarni 55-70 foiz doirasida to‘plagan talabaga 0,5 koeffitsienti bilan stipendiya to‘lanadi. 
Stipendiya to‘lash uchun stipendiya komissiyasi tavsiya etgan talabalarning ro‘yxatlari oliy ta’lim muassasasi rektorining (uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning) buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. (AV 07.08.2012 y. 1339-3-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) 
7. O‘quv semestri uchun reyting nazorati natijalari bo‘yicha uzrsiz sabablarga ko‘ra akademik qarzga (bir yoki undan ko‘p fanlar bo‘yicha 55% dan kam reytingga) ega bo‘lgan Oliy ta’lim muassasalarining talabalari keyingi o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab stipendiya olish huquqidan mahrum bo‘ladilar. 
Belgilangan tartibda akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar bo‘yicha 55 va undan ko‘p foiz to‘plagan) talabalarga stipendiya akademik qarzni bartaraf etish muddati tugaganidan keyingi oyning 1-kunidan boshlab, talabaning davomati (reytingi)ga qarab tabaqalashtirilgan koeffitsientlarni qo‘llagan holda keyingi o‘quv semestriga qadar tayinlanadi. (AV 30.06.2015 y. 1339-4-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang) 
Qayta o‘zlashtirish uchun ularga taqdim etilgan bir oylik muddat mobaynida akademik qarzini bartaraf etmagan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazariy o‘qishning keyingi semestriga (kursiga) o‘tkazilgan hamda keyinchalik akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar bo‘yicha 55 va undan ko‘p foiz to‘plagan) Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga stipendiya akademik qarz bartaraf etilgandan keyin keladigan oyning birinchi sanasidan boshlab, talabaning o‘zlashtirishi (reytingi)ga qarab tabaqalashtirilgan koeffitsientlarni qo‘llagan holda, akademik qarz bartaraf etilgan o‘quv semestrining oxiriga qadar tayinlanadi. (AV 19.08.2016 y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi) 
8. Kasalligi yoki tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa uzrli sabablarga ko‘ra akademik qarzga ega bo‘lgan talabalar akademik qarzlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda bartaraf etgunlariga qadar stependiyadan mahrum etilmaydilar. Hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sababga ko‘ra reyting nazoratining biror-bir turini topshirmagan Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga qayta o‘zlashtirish uchun akademik qarzdorlarga taqdim etiladigan davr uchun stipendiya reyting nazoratini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda to‘lanadi. 
(AV 19.08.2016 y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi band) (Oldingi tahririga qarang) 
9. O‘quv rejasi bilan nazarda tutilgan malaka amali-yotlari va ta’tillar davrida talabalarning stipendiya olish huquqi saqlanadi. 
10. Pensiya oladigan talabalarga stipendiya umumiy asoslarda tayinlanadi. 
11. Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiya to‘lanmaydi. 
Talaba akademik ta’tildan qaytganidan keyin unga stipendiya to‘lash avvalgi miqdorlarda joriy o‘quv semestrining oxiriga qadar tiklanadi. 
12. Ilgari ma’muriyat tashabbusi bilan Oliy ta’lim muassasasidan chiqarilgan talabalar o‘qishga tiklanganda mazkur o‘quv semestri uchun stipendiya, stipendiya bazaviy miqdoridan 0,5 koeffitsientini qo‘llagan holda tayinlanadi. 
13. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili davri uchun talabalarga stipendiya qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida to‘liq miqdorda to‘lanadi. 
Agar homiladorlik akademik ta’til davrida yuzaga kelgan bo‘lsa, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik to‘g‘risida yagona namunadagi ma’lumotnoma taqdim etilganda akademik ta’til to‘xtatilishi hamda homiladorlik va tug‘ish ta’tili rasmiylashtirilishi kerak. 
2 yoshgacha bolasi bo‘lgan va o‘qishni ta’limning kunduzgi shaklida davom ettirayotgan talaba ayollarga stipendiya to‘liq miqdorda to‘lanadi. Bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash ta’tilida bo‘lish davrida stipendiya to‘lanmaydi. 
Bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash bo‘yicha nafaqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘lanadi. 
(AV 30.06.2015 y. 1339-4-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi band) (Oldingi tahririga qarang) 
14. Belgilangan tartibda bir Oliy ta’lim muassasasi (fakultet)dan boshqasiga, shuningdek ta’limning sirtqi shaklidan kunduzgi shakliga o‘tkazilgan talabalarga stipendiya ular tomonidan reyting nazorati natijalari bo‘yicha, o‘quv rejalaridagi tafovutlar bartaraf etilganidan keyin tayinlanadi. 
Akademik qarz mavjud bo‘lmaganida stipendiya akademik ma’lumotnoma (reyting daftarchasi)da ko‘rsatilgan, avvalgi o‘quv joyidagi reyting nazorati natijalari bo‘yicha tayinlanadi va yangi o‘quv joyiga qayd etilgan paytdan boshlab Oliy ta’lim muassasasi rektorining (uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning) buyrug‘i asosida to‘lanadi. (AV 07.08.2012 y. 1339-3-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) 
YOzgi ta’til vaqtida talabalarga stipendiya to‘lash ular o‘tkazishga qadar o‘qigan Oliy ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. 
15. Davlat grantlari bo‘yicha Oliy ta’lim muassasalarining oxirgi kurslarida o‘qiyotgan sirtqi bo‘limlar talabalariga, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 256-moddasiga muvofiq, bitirish ishiga materiallar tayyorlash uchun o‘ttiz taqvimiy kun miqdorida ish haqi saqlanmaydigan ta’til beriladi. Ko‘rsatilgan ta’til davrida talabalar umumiy asoslarda stipendiyaga qayd etiladilar. 
16. Oliy ta’lim muassasasining rektori (uning vazifasini bajaruvchi shaxs) iste’dodli va jamoat hayotida faol bo‘lgan talabalarga Vasiylik va Ilmiy kengashlar tavsiyalari bo‘yicha, tegishli yil uchun oliy ta’lim muassasasining xarajatlar smetasida tasdiqlangan stipendiya fondi doirasida Oliy ta’lim muassasasining shaxsiy stipendiyalarini belgilashga haqlidir. Oliy ta’lim muassasasi talabasining shaxsiy stipendiyasi miqdori reyting nazorati bo‘yicha eng yuqori ballarga ega bo‘lgan talabalarning stipendiyasidan 10 foiz ko‘p qilib belgilanadi. (AV 13.02.2008 y. 1339-2-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi band) 
17. 2002-2003 o‘quv yilida bir yilda bir talabani o‘qitish uchun qiymatda stipendiya fondi 1,0 tabaqalangan koeffitsientini qo‘llagan holda har oyda to‘lanadigan stipendiyani hisobga olib belgilangan. 2003-2004 o‘quv yilidan boshlab bir yil uchun bir talabani o‘qitish qiymatida 0,75 koeffitsientini qo‘llagan holda har oyda to‘lanadigan stipendiyani hisobga olgan ravishda stipendiya fondining miqdori nazarda tutiladi. 
Pullik-kontrakt asosida o‘qitishning o‘quv yili uchun qiymatiga kiritilgan har oyda to‘lanadigan stipendiya summasi talabalar davomatining reyting ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar qayta hisob-kitob qilinmaydi va qaytarilmaydi (AV 13.02.2008 y. 1339-2-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang) 
AV 13.02.2008 y. 1339-2-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq uchinchi-oltinchi xatboshilar chiqarib tashlangan
o‘tgan o‘quv semestrining yakunlari bo‘yicha ular reytingi pasaygan va o‘qitish qiymatida nazarda tutilgan o‘rtacha hisob-kitobni tabaqalangan koeffitsientning qiymati 0,75 dan 0,5 ga kamaygan taqdirda joriy o‘quv semestrida oliy ta’lim muassasasida to‘plangan, har oyda to‘lanadigan stipendiya bo‘lg‘usi o‘quv semestrida talabani o‘qitish haqini to‘lash hisobiga qayd etiladi; 
bitiruvchi kurslar talabalariga oxirgi o‘quv semestri uchun uzil-kesil qayta hisob-kitob talaba o‘quvni tugatganidan keyin amalga oshiriladi. Bunda, kontrakt bo‘yicha ortiqcha to‘langan mablag‘lar farqi, shuningdek yoz oylari (iyul, avgust) uchun stipendiya summasi Oliy ta’lim muassasasi tomonidan mutaxassis tayyorlash kontraktiga muvofiq, talaba o‘qishni tugatganligi to‘g‘risida buyruq chiqarilganidan keyin, buyurtmachi (yuridik shaxs) yoki talaba (jismoniy shaxs)ga qaytariladi; 
agar oliy ta’lim muassasasi tomonidan 2002-2003 o‘quv yili uchun pulli - kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga o‘qitish qiymati qaytadan hisob-kitob qilinmagan bo‘lsa, o‘tgan o‘quv semestri yakunlari bo‘yicha ular reytingi pasaygan va o‘qitish qiymatida nazarda tutilgan o‘rtacha hisob-kitobni tabaqalangan koeffitsientining qiymati 1,0 dan 0,75 yoki 0,5 ga kamaygan taqdirda o‘tgan o‘quv semestrlari uchun Oliy ta’lim muassasasida to‘plangan, har oyda to‘lanadigan stipendiya summasidagi farq bo‘lg‘usi o‘quv semestri uchun talabaning haq to‘lash hisobiga qayd etiladi; 
talaba tomonidan 2002-2003 o‘quv yilida o‘quvni tugatish bo‘yicha uzil-kesil qayta hisob-kitob amalga oshirilmagan bitiruvchi kurslar talabalariga kontrakt bo‘yicha ortiqcha to‘langan mablag‘lar farqi, shuningdek yoz oylari (iyul, avgust) uchun stipendiyalar summasi Oliy ta’lim muassasasi tomonidan mutaxassis tayyorlash kontraktiga muvofiq, talabaning o‘qishni tugatganligi to‘g‘risidagi buyruqqa ko‘ra, buyurtmachi (yuridik shaxs) yoki talaba (jismoniy shaxs)ga qaytariladi. 
Oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi bitiruvchi kurslari talabalari uchun iyul va avgust oylari uchun stipendiya summasi oxirgi o‘quv yilidagi (qismlarga bo‘lib to‘langanda - oxirgi o‘quv semestridagi) ta’lim uchun kiritilayotgan to‘lovdan chiqarib tashlanadi. Bunda chiqarib tashlanayotgan stipendiya summasi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarining oxirgi o‘rnatilgan paytiga 0,75 koeffitsientni qo‘llagan holda stipendiyaning bazaviy miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. (AV 07.08.2012 y. 1339-3-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi) 
18. 2003-2004 o‘quv yilidan boshlab o‘tgan o‘quv semestri yakunlari bo‘yicha talabaning reytingi ko‘paygan va o‘rtacha hisob-kitobni tabaqalangan koeffitsientning o‘qitish qiymatida nazarda tutilgan qiymati 0,75 dan 1,0 ga ko‘paygan taqdirda har oyda to‘lanadigan stipendiya summasidagi farq stipendiya fondini tejash va o‘qitishning pulli-kontrakt shakli bo‘yicha smetaning umumiy xarajatlari hisobidan amalga oshiriladi. 
19. Talabalarning stipendiyalaridan ushlab qolishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Talabalarga stipendiyani to‘g‘ri tayinlash va to‘lash ustidan nazorat qilish Oliy ta’lim muassasasining stipendiya komissiyasiga yuklanadi. 
20. Mazkur Yo‘riqnomaning talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.