Close
Skip to main content


“Yosh notiqlar” koʻrik-tanlovining final soni g’oliblari aniqlandi


Bugun Urganch davlat universiteti Filologiya va sanʼat fakulteti tashabbusi bilan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Yosh notiqlar” koʻrik-tanlovining final bosqichi yuqori saviyada oʻtkazildi.

Mazkur tanlovning yil davomida o‘tkazilgan bosqichlarida faol va munosib ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan universitetning 6 nafar iqtidorli talabasi finalda 2 ta shart asosida o‘zaro bellashdilar. Ishtirokchilarning nutq madaniyati, fikrlash doirasi, sahnadagi mahorati hamda auditoriya bilan ishlash qobiliyati hakamlar hay’ati tomonidan xolis baholab borildi.

Tadbir davomida O‘zbek tili ta’lim yo‘nalishi 245-guruh talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar va milliy raqslar tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, iste’dodli shoir Usmon Nosir hayoti va uning ayanchli taqdiriga bag‘ishlangan sahna asari barchada chuqur taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida fakultet dekani, professor D.G‘ayipov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarning chiqishlarini alohida e’tirof etdi hamda final bosqichi g‘oliblarini tantanali ravishda e’lon qildi.

Tanlovning final soni g‘oliblari bilan tanishing:
1-o‘rin — Yulduz Aitboyeva (Adabiyotshunoslik mutaxassisligi 1-kurs magistranti);
2-o‘rin — Kumushoy Qadamova (Amaliy filologiya ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi);
3-o‘rin — Jovbo‘riyeva Umidabonu (Amaliy filologiya ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi).

Oʻzining bilim va salohiyati, notiqlik mahorati hamda sahnadagi ishonchli chiqishlari bilan yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan barcha gʻolib talabalarimizga kelgusidagi faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaymiz.