Close
Skip to main content


Vazir o‘rinbosari Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi


Bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov Urganch davlat universitetida bo‘lib, universitet rektori Feruza Madrahimova hamrohligida Texnika fakultetining olimlari, tadqiqotchilari hamda talaba-yoshlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalar va amaliyotga joriy etilayotgan loyihalar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi.

Fakultet jamoasi tomonidan hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimiga xizmat qiluvchi qator istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Ularning amaliy ahamiyati, ishlab chiqarish va iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish imkoniyatlari, shuningdek, hudud rivojiga qo‘shadigan hissasi yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Vazir o‘rinbosari tomonidan loyihalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, universitetda “Spin-off” korxonalarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Innovatsion ishlanmalarni iqtisodiyotga integratsiya qilish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.

Texnika fakultetining o‘quv-ilmiy laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishilib, yaratilgan zamonaviy sharoit va imkoniyatlar e’tirof etildi. Laboratoriyalar faoliyatini yanada rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish hamda yoshlarning innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.
 
Shundan song, vazir o'rinbosari O'. Salomov oliygohda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, universitet hududida qad rostlayotgan 8 qavatli yangi o‘quv binosining qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Zamonaviy me’moriy yechimlar asosida bunyod etilayotgan mazkur bino ta’lim sifati va talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, qurilish maydonida olib borilayotgan ishlarning sifati hamda qurilish loyihasi yuzasidan mas’ullar bilan fikr almashildi. Qurilish ishlarini zamonaviy talablar asosida yakunlash bo‘yicha tegishli tavsiya hamda ko‘rsatmalar berildi.
 
Tashrif yakunida Xitoyning XCMG kompaniyalar guruhi tarkibidagi “Uz XCMG” qo‘shma korxonasi bosh direktor o‘rinbosari Su Haiy Ang hamda korxona vakillari bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Urganch davlat universiteti hamda XCMG kompaniyalar guruhi o‘rtasida dual ta’lim asosida malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muloqot jarayonida vazir o’rinbosari tomonidan talabalarni texnika va mashinasozlik, mexanik injiniring yo‘nalishlari bilan bir qatorda iqtisodiy boshqaruv sohalariga ham keng jalb etish borasida fikr yuritildi, amaliy tajriba va zamonaviy bilimlarni uyg‘unlashtirgan ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro standartlarga mos, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini puxta egallagan, amaliy ko‘nikmaga ega raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yuzasidan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.