Close
Skip to main content


Texnikum bitiruvchilari uchun suhbat jarayonlari bo‘lib o‘tdi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi 17-son qarori bilan tasdiqlangan “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni suhbat asosida o‘qishga qabul qilish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilgi qabul jarayonida universitetning 13 ta ta’lim yo‘nalishiga 382 nafar texnikum bitiruvchisi ariza bilan murojaat qilgan.

Suhbat jarayonlari oldidan universitet Qabul komissiyasi tomonidan talabgorlar bilan tashkiliy uchrashuv o‘tkazildi. Unda qabul jarayonining tartibi, suhbatlarni o‘tkazish va baholash mezonlari, talabgorlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, jarayon davomida rioya etilishi lozim bo‘lgan talablar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.

Suhbatlar belgilangan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha soha mutaxassislaridan iborat komissiyalar ishtirokida tashkil etildi. Jarayon davomida talabgorlarning tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, kasbiy tayyorgarligi, sohaga oid tushuncha va tasavvurlari belgilangan mezonlar asosida baholandi.

Suhbat jarayonlari belgilangan tartib va talablar asosida, ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillariga muvofiq tashkil etildi.