Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimovaning navbatdagi uchrashuvi Kimyoviy texnologiyalar fakulteti jamoasi bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida fakultet dekani Sherzod Kurambayev fakultetning 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda 2026/2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari yuzasidan hisobot berdi.
Muloqot davomida fakultet faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalari integratsiyasini kuchaytirish, "Spin-off" korxonalar tashkil etishni kengaytirish, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda o‘quv-uslubiy faoliyat samaradorligini kuchaytirish, xorijiy professor-o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga keng jalb etish, professor-o‘qituvchilarni xorijiy stajirovkalarga yuborish, fan dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shuningdek, universitet qoshidagi Xorazm innovatsion Texnoparki bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, fakultet olimlarini texnopark faoliyatiga keng jalb etish, dual ta’limni rivojlantirish hamda talabalar amaliyotini mutaxassislik yo‘nalishlariga mos ravishda Texnopark va tegishli korxonalarda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, to‘garaklarni samarali tashkil etish, iqtidorli talabalar bilan manzilli ishlash, stipendiantlar safini kengaytirish va talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqilib, yakunda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.









