Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimovaning navbatdagi uchrashuvi Intellektual ilmlar va texnologiyalar fakulteti jamoasi bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida fakultet dekani Erkinjon Avazov fakultetning 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalari hamda 2026/2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari yuzasidan hisobot berdi.
Jarayon davomida kafedralar kesimida ilmiy salohiyat ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, ularni yanada oshirish, xorijiy professor-o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga keng jalb etish hamda professor-o‘qituvchilarni xorijiy stajirovkalarga yuborish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, fakultet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida Sun’iy intellekt laboratoriyasini rivojlantirish, uning moddiy-texnik va ilmiy bazasini mustahkamlash hamda laboratoriya imkoniyatlariga talabalarni keng jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi. IT texnologiyalarni rivojlantirish va zamonaviy raqamli yechimlarni yaratish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini sohalarga tatbiq etish, ushbu yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlarni kengaytirish, amaliy ahamiyatga ega ilmiy loyihalarni ko‘paytirish hamda fakultetning ilmiy salohiyatini oshirish, “Spin-off” loyihalarini amaliyotga joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarni nashr etish holati, xalqaro konferensiyalarni yuqori saviyada tashkil etish, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or o‘quv dasturlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda talabalar bandligini ta’minlash, to‘garaklar faoliyatini samarali tashkil etish, stipendiantlar safini kengaytirish, talabalarni turar joy bilan ta’minlash hamda tyutorlar faoliyati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqilib, aniq vazifalar belgilab olindi.









