Close
Skip to main content


Rektorning Fizika-matematika fakulteti jamoasi bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi


Bugun Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova kunning ikkinchi yarmida Fizika-matematika fakulteti jamoasi bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida fakultet dekani Rasulbek Sharipov tomonidan fakultetning 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalari hamda 2026/2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari yuzasidan hisobot berildi.

Muloqot davomida, avvalo, fakultetda o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, ilmiy salohiyatni yanada oshirish, ilmiy maktablar faoliyatini takomillashtirish hamda ilmiy-nazariy seminarlarni muntazam tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning Scopus bazasida indekslanuvchi nufuzli jurnallarda ilmiy maqolalarini chop etish, monografiyalar nashrini kengaytirish, o’qituvchilarni xorijiy stajirovkalarga yuborish, xalqaro konferensiyalarni yuqori saviyada tashkil etish, shuningdek, “Ustoz-shogird” an’analarini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Ta’lim sifatini oshirish maqsadida TOP-300 talikka kiruvchi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or o‘quv dasturlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, xorijiy professor-o‘qituvchilarni ta’lim va ilmiy jarayonlarga jalb etish, dual ta’limni rivojlantirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Ayniqsa, Fizika kafedrasi oldida turgan muhim vazifalardan biri — ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, innovatsion loyihalarni tijoratlashtirish hamda “Spin-off” korxonalarini tashkil etish masalasiga alohida urg‘u berildi.

Muloqot davomida bitiruvchilar bandligini ta’minlash, kasbga yo‘naltirilgan to‘garaklar faoliyatini sifatli tashkil etish, talabalarni turar joy bilan ta’minlash, stipendiantlar safini kengaytirish, iqtidorli talabalar bilan manzilli ishlash hamda ularni fan olimpiadalariga puxta tayyorlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriq va vazifalar berildi.