Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimovaning navbatdagi uchrashuvi Psixologiya va san’at fakulteti jamoasi bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida fakultet dekani Dilfuza Xajiyeva 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar, shuningdek, 2026/2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan hisobot berdi.
Muloqot davomida san’at yo‘nalishini yanada rivojlantirish, san’at va ilm-fan uyg‘unligini ta’minlash, tasviriy san’at va rassomlik sohasidagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, rassomlar uchun galereya hamda, psixologiya va san’at yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish, ushbu sohadagi "Spin-off" loyihalarini kengaytirish bo‘yicha masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, o‘quv-uslubiy ishlar samaradorligini oshirish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini nashr etish, ilmiy konferensiyalarni yuqori saviyada tashkil etish, dual ta’limni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Shu bilan birga, xorijiy professor-o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga jalb etish, professor-o‘qituvchilarni xorijiy stajirovkalarga yuborish, dunyoning TOP-300 taligiga kiruvchi nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarini ta'lim jarayoniga integratsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari ko’rib chiqildi.
Talabalar bilan ishlash borasida kasbga yo‘naltiruvchi to‘garaklar faoliyatini kuchaytirish, iqtidorli talabalar bilan manzilli ishlash, nufuzli stipendiyalarga nomzodlar safini kengaytirish hamda talabalarning turar joy bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida fakultet jamoasining taklif va tashabbuslari tinglanib, istiqboldagi vazifalarni amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.









