Close
Skip to main content


Urganch davlat universitetida Xitoyning XCMG kompaniyasi hamda Syudjou (Xuzhou) texnologiyalar universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturi yo'lga qo'yildi


Joriy yilning 12–14-oktyabr kunlari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova boshchiligidagi universitet vakillari Xitoy Xalq Respublikasining Syudjou (Xuzhou) texnologiyalar universitetida bo‘ldi.

Tashrifning ilk kunida rektor Feruza Madrahimova Xuzhou texnologiyalar universiteti Partiya qo‘mitasi kotibi Lyu Yan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida Urganch davlat universiteti, Xuzhou texnologiyalar universiteti hamda XCMG yirik sanoat kompaniyalari guruhi hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan 2+1+1 qo‘shma ta’lim dasturini yanada rivojlantirish, dastur asosida tahsil olayotgan talabalar safini kengaytirish, ularni ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etish hamda dual ta’lim imkoniyatlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuv doirasida Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimovaga Xuzhou texnologiyalar universitetining “Faxriy professori” unvoni tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, tashrif davomida Xuzhou texnologiyalar universiteti, XCMG yirik sanoat kompaniyalari guruhi hamda Urganch davlat universiteti o‘rtasidagi qo‘shma hamkorlikning tantanali ochilish marosimi va o‘zbekistonlik talabalarni kutib olish tadbiri tashkil etildi.

Marosimda XCMG yirik sanoat kompaniyalari guruhi Partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Chjen Venqing, Xuzhou texnologiyalar universiteti Partiya qo‘mitasi kotibi Lyu Yan hamda Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Tadbirda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish, xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish hamda yoshlarni zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlash istiqbollariga alohida urg‘u berildi.

Muhim jihati, ayni paytda Xuzhou texnologiyalar universitetida Urganch davlat universitetining 20 nafarga yaqin talabasi Mexanika muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha 2+1+1 qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil olishni boshladi.

Mazkur tashrif ta’lim va sanoat integratsiyasini mustahkamlash hamda talabalar uchun xorijda ta’lim olish va amaliy tajriba orttirish imkoniyatlarini yanada oshirish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri sanaladi.