Bugun Urganch davlat universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning pedagogika universiteti rektori Luo Wenbo boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova hamda Lyaoning pedagogika universiteti rektori Luo Wenbo o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi mavjud hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda istiqboldagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Muloqot davomida, universitetda Konfutsiy institutining tashkil etilishi,ayniqsa, xitoy tilini o‘qitish imkoniyatlari, madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirish va xalqaro ta’lim hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarning amaliy natijasi o’laroq, Xitoy tilini xalqaro o‘qitish jamg‘armasi, Lyaoning pedagogika universiteti hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti o‘rtasida Konfutsiy institutini hamkorlikda tashkil etish bo'yicha uch tomonlama shartnoma imzolandi.
Shartnoma Xitoy tilini xalqaro o‘qitish jamg‘armasi vakili Yan Vey, Lyaoning pedagogika universiteti rektori Luo Wenbo hamda Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova tomonidan imzolandi.
Ushbu kelishuv Urganch davlat universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirish, talaba-yoshlar uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini yaratish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy, madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.




