Close
Skip to main content


Malayziyaning MARA universiteti delegatsiyasi vakillari UrDUga tashrif buyurdi


Bugun Urganch davlat universitetiga Malayziyaning MARA universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mehmonlar universitet rahbariyati tomonidan samimiy kutib olindi.

Tashrif doirasida delegatsiya vakillari universitet talabalari tomonidan yaratilgan ijodiy ishlar ko‘rgazmasi, shuningdek, universitet foyesida “Ustozlar — bizning faxrimiz” rukni ostida tashkil etilgan maxsus burchaklar bilan tanishdilar.

Malayziyalik talaba-yoshlar universitet muzeyi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, oliygohning tarixi, ilmiy-pedagogik faoliyati hamda erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi materiallarni ko‘zdan kechirdilar.

Shundan so‘ng Urganch davlat universitetining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori O. Sotiboldiyev boshchiligida MARA universiteti delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda mehmonlarga universitetning fakultetlari, ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik faoliyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida qo‘shma loyihalar, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, akademik mobillik hamda xalqaro ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.