Close
Skip to main content


Rektorning fakultet jamoalari bilan uchrashuvlari boshlandi


Bugundan Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimovaning fakultet jamoalari bilan uchrashuvlari boshlandi. Dastlabki uchrashuv Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari, xodimlari va tyutorlari ishtirokida tashkil etildi.

Uchrashuvda asosiy e'tibor Iqtisodiyot fakultetida 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar hamda 2026/2027-o‘quv yilidagi istiqbolli rejalarga qaratildi. Dastlab fakultet dekani Ilyos Abdullayev fakultetning bugungi kundagi faoliyati hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot qildi.

Muhokamalar davomida ilmiy salohiyatni yanada oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, dual ta’limni yanada kengaytirish, iqtidorli talabalar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, xorijiy hamkorlarni jalb etish va akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida to’xtanildi. Rektor  ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.

Shuningdek, fakultetdagi to‘garaklar faoliyatini kuchaytirish, talabalarning startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, talabalar turar joyi va ijara bilan ta’minlash masalalarini tizimli hal etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Tadbirkorlikka qiziqadigan talabalarni biznesga tayyorlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan maxsus Biznesga tayyorlash xonasini tashkil etish taklifi ham qo‘llab-quvvatlanib, uni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Rektorning barcha fakultet jamoalari bilan uchrashuvlari reja-grafik asosida davom etadi.