Dissertatsiya himoyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi
2025-yil 22-noyabr kuni Sobirov Shexzod Quchqarboy o‘g‘lining 01.01.02 – “Differensial tenglamalar va matematik fizika” ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan “Moslangan manbali yuklangan modifitsirlangan Korteveg–de Friz tenglamasini tez kamayuvchi funksiyalar sinfida integrallash” mavzusidagi dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Mazkur dissertatsiyada moslangan manbali vaqtga bog‘liq koeffitsiyentli qo‘shimcha hadli hamda yuklangan modifitsirlangan Korteveg–de Friz tenglamalarining o‘z-o‘ziga qo‘shma bo‘lmagan Dirak operatori oddiy xos qiymatlarga ega bo‘lgan holda tez kamayuvchi funksiyalar sinfida integrallanuvchanligi isbotlangan.
Shuningdek, ushbu tenglamalar uchun qo‘yilgan Koshi masalalarining yechilishi tez kamayuvchi funksiyalar sinfida asoslab berilgan. Tadqiqotda o‘z-o‘ziga qo‘shma bo‘lmagan Dirak operatori karrali xos qiymatlarga ega bo‘lgan hol uchun ham moslangan manbali tenglamalarning integrallanuvchanligi isbotlangan hamda mos ravishda Koshi masalalari yechimlari olingan.
Bundan tashqari, integral turdagi moslangan manbali tenglamalar uchun ham yechimlar topilgan bo‘lib, ular tez kamayuvchi funksiyalar sinfida asoslangan.
Dissertatsiya ishida moslangan manbali yuklangan modifitsirlangan Korteveg–de Friz tenglamasi sochilish nazariyasining teskari masalalari usuli yordamida integrallangan.
Mazkur ilmiy natijalar differensial tenglamalar va matematik fizika sohasining dolzarb masalalarini yechishda muhim ahamiyatga ega.