Close
Skip to main content


UrDUda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi

Bugun, 16-oktabr kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Qurilish kafedrasi tashabbusi bilan “Shahar infratuzilmasini barqaror rivojlantirish jarayonida energiya samaradorligini, ekologik xavfsizlikni, yashil qurilish texnologiyalari va innovatsion muhandislik kommunikatsiyalarining integratsiyalashgan ilmiy-amaliy asoslari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Anjumanda Misr, Germaniya, Turkiya, AQSH, Qirg‘iziston hamda yurtimizning yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari va tadqiqotchilar, shuningdek, Texnika fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etmoqda. Anjumanni universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Alimardon Atamuratov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti professori Nilufar To‘xbayeva moderatorligida o‘tkazilayotgan yalpi majlis Oliy attestatsiya komissiyasi Bosh ilmiy kotibi v.b., professor Toxir Mamatmusayevning ilmiy daraja va unvonlarga qo‘yiladigan talablarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzasi bilan boshlandi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi majlisida Misrning Qohira universiteti professori Mahmoud Ahmed Mohamed Emam Markaziy Osiyodagi tarixiy binolarni barqaror boshqarish, germaniyalik mutaxassis Uwe Philipp Germaniyada yo‘l xo‘jaligining rivojlanishi va istiqbollari, AQSHning Kaliforniya universiteti professori Shahzod Taxirov esa infratuzilmani monitoring va modellashtirish hamda uning seysmik bardoshliligini oshirishning zamonaviy usullari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar qilishdi.

Shuningdek, konferensiyada Qirg‘izistonning O‘sh texnologiya universiteti professori Abdivap Zulpuev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti direktori Vaxitxan Ismailov, “ARTON URGANCH INVEST” MChJ mutaxassislari Tire Rejai va Volkan Atsiz o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Ma’ruzalarda innovatsion qurilish materiallari va zamonaviy konstruktiv yechimlar, seysmik xavfni hisobga olgan holda shaharsozlikni rejalashtirish, gazoblok ishlab chiqarish texnologiyalari, silikat qurilish materiallari sifatini takomillashtirish masalalari olimlar tomonidan atroflicha muhokama etildi.

Yalpi yig'ilish yakunida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi. Sertifikatlar Texnika fakulteti dekani Sanjar Madaminov tomonidan taqdim etildi.





















 

Ulashish: