Close
  • Колл-центр

  • Расписание
    занятий

  • Экзамен
    наблюдение

  • Виртуальная
    приемная

  • Вакансии



Urganch davlat universiteti rektorining “21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni” munosabati bilan bayram tabrigi


Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!                                              

Avvalam bor, barchangizni “21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni” bilan, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etaman. 
Darhaqiqat, 21-oktabr oʻzbek millati uchun qutlugʻ sana. Bundan 35 yil burun shu kuni xalqimiz ming yillik ulugʻ orzusiga yetishdi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu Mustaqilligimiz sari qo‘yilgan eng dadil qadam edi.  O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.

Shu o‘rinda Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin» degan so‘zlaridan shuni anglab yetishimiz kerakki, til har bir millat madaniyatining o‘zagi, u xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydigan, birlashtiradigan, tarbiyalaydigan, o‘qitadigan, urf-odat, anʼanalarini saqlaydigan asosiy vosita ekanligini har birimiz chuqur anglab, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerak. Bu bizning kelajak oldidagi vazifamiz va burchimizdir. Chunki tilsiz hech bir millat to‘laqonli xalq bo‘la olmaydi. Usiz Vatanning erki yo‘q. Davlatimiz rahbarining e’tibori, bu qutlug‘ sanani eng yuksak darajada nishonlash bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari o‘zbek tilining nufuzini, uning ahamiyatini yanada oshiradi, deb o‘ylaymiz. 

Hammamizga millatimizning qutlug‘ o‘zbek tili bayrami kuni muborak bo‘lsin!

Abdullayev Baxrom Ismoilovich
Urganch davlat universiteti rektori, f-m.f.d., professor.

Ulashish: