Close
Skip to main content


RASMIY MUNOSABAT


Ijtimoiy tarmoqlarda Urganch davlat universitetining “Ona tili va adabiyot” yo‘nalishida tahsil olayotgan, boshqa oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirib kelgan talaba qizlarga nisbatan ayrim pedagoglar tomonidan tazyiq va kamsitishlar o‘tkazilayotgani, shuningdek, fakultet dekani tomonidan talabalarni tahdid qilish holatlari yuzasidan murojaat e’lon qilindi.

Mazkur murojaatda keltirilgan vajlar yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, unda bayon etilgan holatlar universitetning mavjud tartib-qoidalari, ta’lim jarayoni va mas’ul xodimlar faoliyatiga oid ma’lumotlarga mos kelmaydi hamda asossiz da’volardan iborat.

Urganch davlat universitetida talabalar, jumladan, boshqa oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirib kelgan yoshlar uchun ta’lim olishda teng imkoniyatlar yaratilgan. Talabaning avval qaysi oliy ta’lim muassasasida tahsil olgani uning bilimini baholashga, o‘quv jarayonidagi munosabatga yoki akademik huquqlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin emas.

Ta’kidlash joizki, talabalar bilimini baholash belgilangan mezonlar asosida, akademik talablar va amaldagi tartib-qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Talabaning muayyan fanlardan akademik qarzdorligi yoki imtihondan yetarli ball to‘play olmagani uni boshqa oliy ta’lim muassasasidan ko‘chib kelgani bilan bog‘lash uchun asos bo‘la olmaydi.

Murojaatda universitet dekani D. G‘ayipov tomonidan talabalarga nisbatan tahdidli va haqoratli iboralar ishlatilgani haqidagi da’volar ham ilgari surilgan. Universitetda bunday munosabatga yo‘l qo‘yilmaydi va mazkur mazmundagi ayblovlarni tasdiqlovchi asosli dalillar mavjud emas. Universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilar zimmasidagi vazifa talabalarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilgan holda, ularning sifatli ta’lim olishini ta’minlashdan iborat.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi murojaatda guruh talabalarining “3–4 ta fandan yiqitib qo‘yilgani”, kelgusida esa “15 ta fandan yiqitilishi” mumkinligi haqidagi fikrlar ham aniq dalil va rasmiy hujjatlar bilan asoslanmagan taxminlardan iborat. Bunday bayonotlar ta’lim jarayoniga nisbatan jamoatchilikda asossiz salbiy tasavvur shakllanishiga xizmat qilishi mumkin.

Urganch davlat universiteti har bir talabaning murojaatini tinglash va qonuniy huquqlarini himoya qilish tarafdori. Agar talaba tomonidan pedagog yoki boshqa mas’ul xodimning xatti-harakatlari yuzasidan asosli e’tiroz bildirilsa, mazkur holat belgilangan tartibda o‘rganiladi va zarur hollarda tegishli choralar ko‘riladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarni dalil va rasmiy xulosalarsiz haqiqat sifatida qabul qilmaslikka chaqiramiz. Muayyan shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ayblovlarni ommaviy tarzda tarqatishdan avval ularning haqqoniyligi tegishli tartibda aniqlanishi lozim.

Urganch davlat universitetida barcha talabalar, ularning jinsi, qaysi hududdan yoki qaysi ta’lim muassasasidan kelganidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlarga ega. Universitet ta’lim jarayonida adolat, xolislik, akademik halollik va o‘zaro hurmat tamoyillariga qat’iy amal qiladi.