Close
  • Колл-центр

  • Расписание
    занятий

  • Экзамен
    наблюдение

  • Виртуальная
    приемная

  • Вакансии



Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sardor Palvanovning Xorazm yoshlariga MUROJAATNOMASI

Yoshlar ishlari agentligi

Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sardor Palvanovning

Xorazm yoshlariga MUROJAATNOMASI

Qadrli o‘quvchi-talabalar!

O‘zbekiston yoshlarining qat’iyati, intellektual salohiyati dunyoni hayratga solib keladi. Buni isbotlash uchun biz zafar quchgan jahon miqyosidagi intellektual, harbiy-sport musobaqalarini nomma-nom sanashga hojat yo‘q deb o‘ylayman. Ayniqsa, ko‘hna Xorazm zamini buyuk alloma va sarkardalariga munosib iqtidorli yoshlarga boy.

Ilm-fan bobida nomlari tarix zarvaraqlariga mangu bitilgan Muhammad al-Xorazmiy, Mahmud az-Zamaxshariy, Najmiddin Kubro kabi allomalarimizning ilmiy merosi, Pahlavon Mahmud, Jaloliddin Manguberdi singari mard va qo‘rqmas sarkardalar jasorati, dunyoga dong‘i ketgan Xorazm Ma’mun akademiyasi ruhi bizga qat’iyat va cheksiz g‘urur bag‘ishlab turadi.

Davlatimizning biz, yoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, yaratib berilayotgan bebaho imkoniyatlar saodatidan bahramand avlod sifatida, qalbimizda cheksiz iftixor va minnatdorlik hissi bilan Sizga murojaat qilmoqdamiz!

Ushbu murakkab davrda Siz, aziz yoshlarni o‘z yetuk salohiyatingiz, ilm-u ma’rifatingiz bilan kundan kunga yuksalib, jahonda o‘z bo‘y-bastini yanada yorqin namoyon etayotgan Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga, ona yurtimizga mehr-u muhabbat va sadoqatni dilga jo etib, buyuk ajdodlarimiz oldidagi vorislik burchi ila yanada jipslashishga, birlashishga chorlaymiz!

Har bir ota-onaning eng katta orzu-niyati jondan aziz farzandining baxt-u iqbolini ko‘rishdir. Lekin bunga faqat hoy-u havas, moddiy boylik to‘plash bilan erishib bo‘lmaydi. Shu bois shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi global zamonda sizlarning asosiy vazifangiz – zamonaviy ilm-fan yutuqlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sirlarini, chet tillarni puxta egallash, mamlakatimizni har tomonlama ravnaq toptirishga hissa qo‘shishdan iboratdir.

Bugungi tezkor davrda jamiyat ma’naviyatining yuksalishi va yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yangicha dunyoqarashning ahamiyati, ayniqsa, dolzarblashmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarning barkamol shaxs sifatida kamol topishi, o‘z ustida ishlashi uchun tizimli ravishda shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. U xoh talaba-o‘quvchi, tadbirkor yo xizmatchi, xoh dehqon-u hunarmand bo‘lsin, barcha toifadagi yoshlar qatlamlari bu imkoniyatlardan teng va adolatli ravishda foydalanmoqda.

O‘qib-o‘rganaman, zamonaviy kasblarni egallayman, degan maqsad bilan yashayotgan tengdoshlaringiz katta marralarni zabt etmoqda. Eng so‘nggi texnika va texnologiyalarni boshqarmoqda, rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or yoshlari bilan barcha sohalarda tengma-teng bellashmoqda.

Davr taraqqiyotidan yaxshi xabardor bo‘lgan XXI asr yoshlari sifatida o‘zingiz va millatimiz sha’nini, oilangiz baxtini o‘ylab, ajdodlarimizga munosib izdosh bo‘ling!

Ko‘zlagan jami ezgu niyatlaringiz ro‘yobida, Uchinchi Renessans poydevori yaratuvchisi degan ulug‘ e’tirof egasi bo‘lishdek qutlug‘ yo‘lda Sizga yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!

Sizning siymongizda xalqimiz buyuk istiqbolimiz bunyodkorlarini, ertangi kunimiz qahramonlarini, tinchligimiz qo‘rg‘onlarini, O‘zbekiston nomini dunyoga tarannum etadigan kuchli, ilmli, jasoratli millat fidoyilarini ko‘radi!

Sizlar Xorazmiyning buyuk izdoshi,

Sulton Jaloliddin qaynoq qonisiz.

Yangi O‘zbekiston – tole quyoshi,

Yurtning kelajagi, sharaf-shonisiz!

Buyuk ajdodimiz Al-Xorazmiy ilmiy dahosi, Jaloliddin Manguberdining mangulikka dahldor jasorati, bizga toabad madakor bo‘lsin!

 

 

Ulashish: