Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Bo`sh ish
    o`rinlari



Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayevning yangi yil munosabati bilan bayram tabrigi


Muhtaram yurtdoshlar, qadrli universitetimiz jamoasi!

    Siz,  azizlarni, kirib kelayotgan Yangi 2023-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga eng katta boylik boʻlgan salomatlik va oilaviy baxt tilayman. Yangi yilda xonadoningizdan chek­siz quvonch, fayz-u baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!

    Albatta, oʻtayotgan har bir yil bizga umr va vaqt qadrini yanada chuqurroq his etishimizga, amalga oshirayotgan ishlarimizni sarhisob qilishimizga koʻzgu, kelajak rejalarimizni tuzishga, ustuvor maqsadlarimizni aniqlab olishimizga turtki boʻladi. Ortda qolgan yil universitetimiz uchun ulkan yutuq va marralarga boy yil boʻldi. Shu oʻrinda koʻp ming sonli universitetimiz jamoasining  yil davomidagi ezgu ishlari va mehnatlari samarasi boʻlmish erishgan  yutuqlarimizni ayrimlarni mamnuniyat bilan keltirib oʻtmoqchiman.

    Xususan, 2022-yilda viloyatimizdagi kadrlarga bo‘lgan extiyoj hisobga olinib, 6 ta yangi ta’lim yo‘nalishilari va 9 ta yangi magistratura mutaxassisliklari ochildi;

    Akademik mustaqil oliy ta’lim muassasasi sifatida 1-kurs ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari uchun  malaka talabalari, o‘quv rejalari, fan o‘quv dasturlari xorijiy top-500 oliy ta’lim muassasalari tajribasini o‘rgangan holda, shuningdek, respublikamiz yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda o‘quv-me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi;

    Ta’lim sifatini ta’minlashni HEMIS elektron ta’lim boshqaruv tizimi orqali nazorat qilindi, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etildi;

    Bakalavriatning 1-2-3 kurslari va magistraturaning barcha bosqichlarida  kredit-modul tizimi joriy qilindi;

    Universitetning jami 163 nafar  rahbar va pedagog xodimlari Respublika tayanch OTMlar huzuridagi rahbar va pedagog xodimlarini malakasini oshirish markazlarida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirishdi;

    2022-yilda 13 ta darslik, 19 ta o‘quv qo‘llanma, 105 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar  ishlab chiqildi va nashr qilindi;

    Xorijiy va respublika nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan 47 nafar professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga jalb qilindi;

    Xorijiy tillar bo‘yicha 93 nafar professor-o‘qituvchilar S1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lishdi;

    Yevropa Ittifoqi Erasmus+ dasturining “Modernization of the Curricula in sphere of smart building engineering-GREB”, “Environmental Protection in Central Asia: Disaster Risk Management with Spatial Methods-EPCA”, “Establishment of training and research centers and Courses development on Intelligent BigData Analysis in CA-ELBA” loyihalari doirasida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi;

    2022-yilda  37 ta ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktoranturaga 73 nafar, 3 ta  ixtisoslik bo‘yicha doktoranturaga 4 nafar va stajor tadqiqotchilikka 10 nafar talabgor qabul qilindi. Jami  57 nafar o‘qituvchilar  PhD hamda 5 nafar professor-o‘qituvchilar  DcS ilmiy darajalariga ega bo‘lishdi.

    Quvonarlisi, 2022-yilda  "02.00.13-Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi" texnika fanlari ixtisosligi Kengash faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda jami  9 ta ixtisoslik bo‘yicha 6 ta ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda;

    Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida professor-o‘qituvchilar tomonidan 558 ta ilmiy maqola, 71 ta Scopus va WOS bazasida (shuning 243 tasi xorijdagi ilmiy jurnallarda) chop qilindi, 5 ta xorijiy va 23 ta respublika nashriyotlarida monografiyalar nashr qilindi. Shu bilan birgalikda 2 ta dasturiy mahsulotga  va 12 ta ixtironing foydali model namunasiga  patent olindi;

    Xalqaro reytinglarda “Young University Rankings – 2022 reporter”, “Times Higher Education Impact Rankings” “1001+”, “Asia University Rankings-2022” reporter, “THE World University Ranking-2023” reporter o‘rinni egallandi;

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tgazilgan “InnoWeek.Uz-2022” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida Oliy ta’lim mussasalari bo‘yicha eng namunali stend naminatsiyasi bo‘yicha g‘olib sertifikati bilan taqdirladi;

    Universitetimiz yoshlari hozirgi kunda ixtirochilik borasida ham bir qator yutuqlarga erishib kelishmoqda. Jumladan, Kimyoviy texnologiyalar fakulteti  Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi yo‘nalishi 1-bosqich magistranti  Xo‘jayeva Mahliyo “Mahalliy qovun navlarini qayta ishlab, yangi turdagi mahsulotlar olish texnalogiyasini amalyotga tadbiq qilish” mavzusi bo‘yicha “INNOWEEK-2022” innovatsion loyihalar tanlovida g‘olib bo‘lib, “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” medali  bilan taqdirlandi.

Qadrli hamkasblar!

    Xabaringiz bor, joriy yilda Urganch davlat universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 2000 o‘ringa mo‘ljallangan 46,2 mlrd. so‘mga zamonaviy o‘quv-laboratoriya kompleksiga ega “SMART” fakultetining binosini qurish ishlari boshlab yuborildi. Qurilish ishlari 2023-yilning dastlabki oylariga yakunlanib, zamonaviy tipdagi yangi bino talabalarimizga topshiriladi.

    Shu bilan birgalikda shu yilning may oyida 2 ta sport maydonchalari 719 mln so‘mga qurib, foydalanishga topshirildi.

    Budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan, universitetda bir vaqtning o‘zida 800 o‘rinli talabalar turar joyi, 2 450 o‘ringa mo‘ljallangan ikkita o‘quv binosi, texnopark va 250 o‘ringa ega zamonaviy kutubxona foydalanishga topshirildi.

Aziz talaba-yoshlar!

    Yakunlanayotgan eski yilda talaba-yoshlarimizning egallagan yuksak marralari butun jamoani behad mamnun qildi.

    Jumladan, 2022-yilda Urganch davlat universitetining 19 nafar talabalari Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirining buyrug‘i bilan Prezident va nomli davlat stipendiyalarini qo‘lga kiritdilar;

    Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tashkil etilgan respublika “Talabalar ligasi” turniri bahorgi mavsumida 150 dan ortiq oliy taʼlim muassasalarining 360 dan ortiq jamoalari ichida Urganch davlat universiteti jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallagan holda, chempionlikni qo‘lga kiritdi;

    Jismoniy madaniyat fakulteti sportchi talabalari xalqaro sport musobaqalarida 3 ta oltin, 5 ta kumush, 8 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar. Respublika sport musoboqalarida 84 nafar talabalar g‘olib va sovrindor bo‘ldi;

    “Universiada-2022” sport musobaqalarida universitetimizning voleybolchi qizlar mutloq gʻolib boʻlib, oltin medal sohibasi boʻlishdi.

Qadrli universitetimiz jamoasi!

    Aminmanki, kirib kelayotgan 2023-yil - “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” ham jamoamiz uchun yanada barakali va ilm-fan taraqqiyotida yuksak natijalarga ega sermahsul yil boʻladi. Bu borada barchangizga kuch-quvvat, kasbiy barkamollik, ilmiy-pedagogika faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman. Jamoamizning birligiga,  yakdilligiga also koʻz tegmasin. Bayram kunlarida qilingan barcha ezgu tilaklar ro‘yobga chiqsin!

Kirib kelayotgan Yangi yilingiz muborak boʻlsin!

 

 

Abdullayev Baxrom Ismailovich

Urganch davlat universiteti rektori, f-m.f.d.

Ulashish: