Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Bo`sh ish
    o`rinlari



VAZIR KIMYOVIY TEXNOLOGIYALAR FAKULTETIDA BOʻLDI


28-fevral Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Urganch davlat universitetining Kimyoviy texnologiyalar fakultetida boʻlib, universitet rektori Baxrom Abdullayev hamrohligida fakultetda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. 

Dastlab fakultetning ilmiy-innovatsion sohadagi ishlanmalari, ishlab chiqarish uchun rejalashtirilgan loyihalar koʻrgazmasi bilan tanishdi. Ko‘rgazmadan fakultet olimlari, doktorant va magistrantlari tomonidan yaratilgan 20 turdan ortiq ilmiy ishlanma va ixtirolar o‘rin olgan. Vazir har birlari bilan tanishar ekan, mazkur loyihalarning barchasini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish lozimligini taʼkidladi. Quyosh panellarini yuvish uchun moʻljallangan vositaga eʼtibor qaratib, targʻibotini kuchaytirish va tijoratlashtirishni tavsiya qildi. 

Shuningdek, fakultetning Oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyasini koʻrdi. U yerdagi yosh tadqiqotchilar bilan ilmiy ishlari yuzasidan suhbatda boʻldi. Laboratoriya uskunalarining ishlatilishiga eʼtibor qaratdi.

Q.Sharipov universitet qoshidagi Xorazm innovatsion texnoparkining ish faoliyatini ham borib koʻrdi. Bugungi kunda mazkur texnoparkda sutni qayta ishlash orqali 8 turdagi mahsulot, non mahsulotlarining 2 turi, qandolat mahsulotlarining esa 7 turi ishlab chiqarilmoqda, tikuvchilik ustaxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Ahamiyatlisi, mazkur ustaxonalarda talabalarimiz ish bilan taʼminlangan. Vazir aynan talabalarning ish jarayonlariga qiziqdi. Ular bilan suhbatda boʻldi. 

Vazir fakultetga tashrifi yakunida yangi qurib bitkazilgan sport kompleksi hamda ayni paytda qurilish ishlari olib borilayotgan 600 oʻrinli talabalar turar joyining qurilish ishlari bilan ham  tanishdi. 

Ulashish: