Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



Rektor murojaati


Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori v.v.b.ning yoshlar, ota-onalar hamda pedagoglarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan

 MUROJAATI

Qadrli yoshlar, hurmatli ota-onalar, muhtaram ustozlar!

Bugungi tezkor va murakkab zamonda farzandlarimizning qalbi, ongi va kelajagini himoya qilish — hammamizning eng oliy vazifamizdir. Farzand inson uchun eng aziz ne’mat, eng bebaho boylikdir. Shuning uchun har bir ota-ona farzandini koʻz qorachigʻidek asraydi, uni har qanday xavf-xatardan himoya qilishga shay turadi. Ma’naviyatli, vijdonli yoshlar esa ota-onasining shu mehriga munosib boʻlib yashaydilar.

Afsuski, bugun dunyoda yoshlarimizga tahdid solayotgan xavf va illatlar koʻp. Shulardan eng ogʻirlaridan biri — giyohvandlik va narkojinoyatchilik balosi. Ba’zan yoshlar bilmay, ba’zan vaqtinchalik “zavq” ortidan, ba’zan esa oson pul topish ilinjida bu jarayonlarga aralashib, oʻz hayotini, oila va jamiyatning ertangi kunini xavf ostiga qoʻymoqdalar.

Biz bunga aslo befarq boʻla olmaymiz!
Farzandlarimizni bu balodan himoya qilish — har birimizning, har bir oilaning, har bir ustozning, butun jamiyatning mas’uliyatidir.

Aziz yoshlar!
Sizning sogʻlom fikringiz, kuchli iroda va bilimga chanqoqligingiz — Oʻzbekistonning kelajagi, ertangi taraqqiyotimizning tayanchidir. Hech qachon “bir marta sinab koʻraman” degan gumroh fikrga aldanmang. Giyohvand moddalar inson hayotini yemiruvchi zahar, orzu va maqsadlarni oʻgʻirlovchi illat ekanini unutmang. Bu yoʻl hech qachon yaxshilikka olib bormaydi.

Hurmatli ota-onalar!
Farzandlarimizga eʼtiborli boʻlish, ularning kundalik holati, kayfiyati, doʻstlari bilan qiziqish — bugungi kunda har qachongidan muhim. Ochiq muloqot, mehr va ishonch orqali bolalarimizni toʻgʻri yoʻldan adashmaslikka yetaklaymiz. Ularning ma’naviy immunitetini mustahkamlaylik — shunda ular hech qanday yomon odatga berilmaydi.

Muhtaram ustozlar!
Yosh avlodni tarbiyalashdagi o‘rningiz beqiyos. Ta’lim jarayonida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, giyohvandlikning zararli oqibatlarini yoshlar ongiga yetkazish — bugungi kun talabi. Sizning har bir darsingiz, har bir suhbat va tarbiyaviy ishingiz yoshlar qalbida ma’suliyat, hushyorlik va mustahkam e’tiqod uygʻotadi.

Aziz hamyurtlar!
Bugun biz birlashib, jipslashib, jamiyatimizning ertangi taqdirini belgilaydigan masalaning yechimiga mas’uliyat bilan yondashishimiz zarur. Narkojinoyatchilikka nisbatan murosasiz bo‘laylik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga ko‘mak beraylik, ogohlik va hushyorlikni hayot mezoniga aylantiraylik.

Unutmang:
Oʻzbekistonning tinch, sogʻlom va farovon kelajagi — bugungi hamjihatligimiz, hushyorligimiz va qat’iy pozitsiyamizga bogʻliq.

Xodjaniyazov Sardor Umarovich
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori v.v.b.

Ulashish