Close
Saytda texnik ishlar olib borilmoqda!
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



Ogahiy merosi — milliy ma’naviyat va ilmiy tafakkur manbai


Bugun Abu Rayhon beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Filologiya va sanʼat fakulteti tashabbusi bilan XIX asr o‘zbek adabiyoti va tarixshunosligining yirik namoyandasi, shoir va tarjimon Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 216 yilligi munosabati bilan “Ogahiy ijodini tadqiq etishning dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Ushbu anjuman buyuk shoir, tarixchi va mutafakkir Ogahiyning bebaho adabiy-ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning asarlarida mujassam bo‘lgan g‘oyaviy-badiiy, tilshunoslik va madaniy jihatlarni tahlil etishga bag‘ishlandi.

Anjumanda filologiya sohasining yetuk olimlari tomonidan ma’ruzalar taqdim etildi. Jumladan, Filologiya va san’at fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, prof. D.G‘ayipov “Ogahiy shohbaytlarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari” mavzusidagi ma’ruzasi orqali shoir ijodidagi falsafiy qarashlar va badiiy mahorat masalalarini yoritib berdi. O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, prof. A.Primov “Firdavs ul-iqbol” asari tilidagi Xorazm hududiga xos leksik-semantik birliklarning tarixiy-madaniy ahamiyati” mavzusida so‘z yuritib, asar tilining mintaqaviy va madaniy qadriyatlarni aks ettirishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, filologiya fanlari doktori, dotsent M. Pirnazarova “Ogahiy an’analari Omon Matjon ijodida”, O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Sh.Aqmanova “Ogahiyning asarlarida qo‘llanilgan gidronimlar haqida”,  O‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi PhD. X.Boymurotova esa “Firdavs ul-iqbol” asaridagi ayrim atoqli otlarning lingvokulturologik xususiyatlari” mavzusida maʼruza qildi. 

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman Ogahiy ijodini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, yosh tadqiqotchilarda buyuk ajdodlar merosiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda milliy adabiyotimizning boy xazinasini yanada chuqur anglashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ilmiy-amaliy anjumandan so‘ng, adabiy-ma’naviy ruhdagi muhim tadbir — insholar, video-audio she’rlar hamda “Eng yaxshi rasmlar” yo‘nalishidagi ko‘rik-tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Ulashish