Close


Rektor Texnika fakultetida


Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madraximova Texnika fakultetida bo‘lib, yaratilgan sharoitlar, ta’lim sifati hamda laboratoriyalar holati bilan tanishdi.

Jumladan, fakultet infratuzilmasining bugungi holati, o‘quv auditoriyalari va zamonaviy laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasi atroflicha ko‘zdan kechirildi. Arxitektura yo‘nalishidagi talabalar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion loyihalar taqdimoti ko’rildi. Dars jarayonlari kuzatilib, talabalar bilan muloqot qilindi.

Shuningdek, “Avtomobillarning elektr va elektron tizimlari”, “Mashina detallari”, “Qishloq xo‘jaligi texnikasi” hamda “Transport tizimlari” singari laboratoriyalar bilan tanishildi. Ushbu laboratoriyalarda talabalar nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan holda mashg‘ulotlar olib borayotgani e’tirof etildi. Fakultetda ilmiy tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar uchun yanada qulay va zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha mas'ullarga aniq topshiriqlar berdi.

Texnika fakulteti professor-o‘qituvchilari jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida rektor kafedralar kesimida ilmiy salohiyat holati bilan yaqindan tanishib, professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyor ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, dissertatsiya ishlarini tayyorlash va himoya qilish jarayonlari uchun zarur shart-sharoitlarni yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Fakultetning mavjud ilmiy va moddiy-texnik imkoniyatlarni yanada kengaytirish, zamon talablariga mos ravishda texnikava muhandislik ilmini rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, xususan, elektroenergiya yo’nalishlarida laboratoriyalarni yanada kengaytirish bo’yicha vazifalar belgilandi. Shuningdek, aprel oyi – “Muhandislik oyligi” doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni yuqori saviyada, ushbu jarayonlarga iqtidorli talabalarni keng jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.

Ulashish