Bugun Xitoy Xalq Respublikasining Lyaonin provinsiyasi delegatsiyasi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolarini universitet rektori Feruza Madrahimova boshchiligidagi rahbariyat samimiy kutib oldi.
Tashrif doirasida Lyaonin provinsiyasi Xalq hukumati Tashqi aloqalar boshqarmasi bosh direktori o‘rinbosari Chjao Xunbin hamda Lyaonin pedagogika universiteti prorektori Li Yujyun hamda mazkur universitet vakillari bilan rasmiy muzokaralar olib borildi. Uchrashuv avvalida mehmonlarga universitet faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muzokaralar jarayonida rektor F.Madrahimova tomonidan Urganch davlat universitetining Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Xiva shahrida tashkil etilayotgan Lyaonin pedagogika universiteti filialini tashkil etilishi oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlanishda muhim ahamiyatga egaligini va bu borada universitet doim hamkorlikka tayyor ekanligini aytib o’tdi. Ayniqsa, UrDU bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan Konfutsiy instituti nafaqat xorijiy til masalasida, balki madaniyatlararo rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Lyaonin pedagogika universiteti prorektori Li Yujyun samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki universitet o‘rtasida mustahkam hamkorlik o‘rnatish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Xususan, psixologiya, filologiya va injiniring yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini tashkil etish yuzasidan takliflar ilgari surildi. Mazkur tashabbuslar UrDU rahbariyati tomonidan mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Mazkur tashrif ikki tomonlama akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilm-fan va ta’lim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.









