Close
Skip to main content


UrDU sportchi-talabalari Prezident olimpiadasining Respublika final bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi


4–9 iyun kunlari Toshkent shahrida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining 7 ta sport turi bo‘yicha respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli musobaqada Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova boshchiligidagi Xorazm viloyati delegatsiyasi munosib ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibidagi 108 nafar sportchi-talabaning 106 nafari Urganch davlat universiteti talabalari ekani universitetimiz sport salohiyatining yana bir yorqin ifodasi bo'ldi.

Final bahslarida UrDU sportchi-talabalari yuksak mahorat, qat’iyat va g‘alabaga bo‘lgan intilishni namoyon etib, qator sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etdilar.

Yengil atletika musobaqalarida talabalarimiz 6 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Respublika bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni egalladilar. 

Voleybol bo‘yicha qizlar jamoamiz esa final bahslarida munosib ishtirok etib, Respublika final bosqichining 14 ta kumush medallari bilan qo‘lga kiritdi va  2-o’rin sohibiga aylanishdi. 

Stol tennisida ham sportchi-talabalarimiz 1 ta oltin va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, jamoaviy hisobda 2-o‘rinni egalladilar. 

Musobaqalar yakuniga ko‘ra, Urganch davlat universiteti sportchi-talabalari “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning respublika final bosqichida umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egalladilar.

Ushbu yutuq sportchi-talabalarimizning mashaqqatli mehnati, murabbiylarning fidokorona sa’y-harakatlari hamda universitetda sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijasidir.

Barcha sportchi-talabalarimizni, murabbiylarimizni va universitetimiz jamoasini ushbu ulkan muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaymiz!