Close
Skip to main content


Rektor Prezident olimpiadasining final bosqichi sovrindorlarini taqdirladi


Bugun Urganch davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining Respublika final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan sportchi-talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, joriy yilning 4–9-iyun kunlari Toshkent shahrida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining Respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli musobaqada Urganch davlat universiteti sportchi-talabalari munosib ishtirok etib, bir qator sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etdilar hamda umumjamoa hisobida Respublika bo‘yicha faxrli 2-o‘rinni egalladilar. 
 
Tadbirda universitet rektori Feruza Madrahimova so‘zga chiqib, sportchi-talabalar hamda ularning murabbiylarini erishilgan yuksak natijalar bilan tabrikladi. Ta’kidlanganidek, mazkur yutuq talaba-yoshlarning sport sohasidagi salohiyati, murabbiylarning samarali faoliyati hamda universitetda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijasidir.

Taqdirlash marosimida sportchi-talabalar va ularning murabbiylariga universitet rahbariyatining minnatdorligi bildirilib, pul mukofotlarining vaucherlari hamda rektor tashakkurnomalari topshirildi.
 
Ushbu yutuq Urganch davlat universitetida sportni rivojlantirish, yoshlarning jismoniy faolligini oshirish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarning yana bir muhim natijasi bo‘ldi.