Close
Skip to main content


Urganch davlat universitetida Yoshlar kuni munosabati bilan “Osh chempionati” bo‘lib o‘tdi


Urganch davlat universitetida Yoshlar kuni munosabati bilan milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash hamda universitet jamoasi o‘rtasida samimiy muhitni yanada rivojlantirish maqsadida “Osh chempionati” tashkil etildi.

Tadbirda universitetning 10 ta fakulteti dekanlari o‘z jamoalari bilan birgalikda ishtirok etib, milliy taomimiz — oshni tayyorlash bo‘yicha pazandalik mahoratini namoyish etdilar. Har bir fakultet jamoasi osh tayyorlash jarayonida o‘ziga xos uslub, taomning mazasi, ko‘rinishi va bezagiga alohida e’tibor qaratdi.

Chempionat jarayonida Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova ham ishtirok etib, fakultet jamoalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Rektor qozon boshida osh tayyorlayotgan jamoalar bilan samimiy suhbatlashib, ularga omad tiladi. Shuningdek, bunday ma’naviy-ma’rifiy va jamoaviy tadbirlar universitet ahlini yanada birlashtirish, milliy urf-odat va qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish hamda o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Bayramona ruhda o‘tgan “Osh chempionati” ishtirokchilar va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir universitet hayotida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazmunli va esda qolarli tadbirlardan biri bo‘ldi.