Close
Skip to main content


KOICA vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi


Bugun Urganch davlat universitetiga Janubiy Koreyaning KOICA (Korea International Cooperation Agency) tashkiloti direktori o‘rinbosari Kim Siyeon hamda tashkilot vakillari tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet rektori Feruza Madrahimova qabul qildi.

Rasmiy muloqot davomida rektor Urganch davlat universitetining Janubiy Koreyaning nufuzli OTMlari bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik aloqalari haqida to‘xtalib o‘tdi. KOICA dasturi doirasida volontyor-o‘qituvchilar uzoq yillardan buyon universitetda faoliyat yuritib, talabalarga koreys tili va madaniyati bo‘yicha sifatli ta’lim berib kelayotgani alohida e’tirof etildi.

KOICA direktori o‘rinbosari Kim Siyeon hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Jumladan, bugungi kunda O‘zbekistonning qator oliy ta’lim muassasalarida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan sun’iy intellekt imkoniyatlariga asoslangan koreys tilini o‘qitish loyihasini Urganch davlat universitetida ham yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yangi 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab KOICA volontyor-o‘qituvchisini bir yil muddatga universitetga yuborish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Rasmiy uchrashuvdan so‘ng mehmonlar Urganch davlat universitetining Xorijiy filologiya fakultetida faoliyat yuritayotgan Koreyashunoslik markazi hamda Axborot-resurs markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim, ilmiy hamkorlik va akademik almashinuv yo‘nalishlaridagi aloqalarni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni kengaytirish hamda istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish borasida o‘zaro kelishib oldilar.