Close
Skip to main content


Urganch davlat universitetida matematika bo'yicha xalqaro ilmiy konferensiya boshlandi


Bugun Urganch davlat universitetida 24–28-avgust kunlariga mo‘ljallangan “Diofant yaqinlashtirishlari va tutash masalalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Mazkur nufuzli ilmiy anjumanda dunyoning 13 ta davlatidan 27 ta universitet va ilmiy-tadqiqot muassasasi vakillari, jumladan, 37 nafar xorijiy olim va mutaxassis ishtirok etmoqda. Konferensiya xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, matematika sohasidagi zamonaviy tadqiqot natijalarini muhokama qilish hamda olimlar o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim ilmiy maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Dastlab konferensiyaning ochilish marosimida Urganch davlat universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori A.Atamuratov so‘zga chiqib, universitet rektori F.Madrahimovaning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zlarini yetkazdi.

Shundan so‘ng konferensiya doirasida zamonaviy matematikaning dolzarb masalalariga oid ilmiy tadqiqotlar va yangi natijalari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar bo'lib o'tmoqda. Ma’ruzalar davomida ilg‘or ilmiy yondashuvlar, nazariy va amaliy natijalar atroflicha muhokama qilinib, olim va mutaxassislar o‘rtasida fikr hamda tajriba almashilmoqda.