Urganch davlat universiteti Ilmiy kengashining yangi 2026-2027 o'quv yilidagi 1-majlisi o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilish universitet rektori Feruza Madrahimova raisligida, Kengash a’zolari ishtirokida tashkil etildi.
Majlis avvalida universitet Kengashining yangilangan tarkibi va ish rejasi, shuningdek, universitetning 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi. Shundan so‘ng, kun tartibidan o‘rin olgan dolzarb masalalar yuzasidan mas’ullarning axborot va hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilishda mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 17–18-avgust kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida belgilangan ustuvor vazifalar va jarayon tafsilotlari jamoaga yetkazildi.
Kengash davomida 2026–2027-o‘quv yiliga oid o‘quv-me’yoriy hujjatlar, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejasi, shuningdek, universitetda akkreditatsiya jarayonlariga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, universitetning xalqaro ilmiy nufuzini yanada oshirish, ilmiy guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ilmiy loyihalar asosida tadqiqotlarni rivojlantirish hamda tadqiqotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimi bo‘yicha 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”, ilmiy sohaga oid qator masalalar hamda universitet bitiruvchilari bandligini ta’minlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham axborot va hisobotlar tinglandi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, yangi o‘quv yilida universitet oldida turgan ustuvor vazifalar, aniq maqsad va muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.









