Close
Skip to main content


Urganch davlat universitetining yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi


Bugun, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida ta’lim va ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan yana bir muhim bunyodkorlik loyihasi — yangi, zamonaviy o‘quv binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xorazm viloyatining ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat sohalarining taniqli vakillari, universitetning faxriy ustozlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Raximov ishtirok etib, mazkur binoning universitet hayoti, ta’lim sifati, ilmiy salohiyat hamda yoshlar uchun yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlardagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Universitet jamoasini ushbu qutlug‘ bino bilan samimiy muborakbod etdi.

Yangi o‘quv binosi 8 qavatdan iborat bo‘lib, 1800 o‘ringa mo‘ljallangan. Mazkur bino universitetning 9-o‘quv binosi bo‘lib, unda Intellektual ilmlar va texnologiyalar fakulteti joylashgan.

Eng muhimi, yangi ta’lim maskani zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter ilmlari va IT yo‘nalishlari, xususan, binoda joylashgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi asosida sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida universitetning faxriy ustozlari ham so‘zga chiqib, mustaqillik yillarida ta’lim sohasida yaratilgan ulkan imkoniyatlar, ilm-fan va yoshlar ta’limiga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida mamnuniyat bilan fikr bildirdilar.

Bu maskanda ta’lim oladigan yoshlar — ertangi kunning dasturchilari, muhandislari, olimlari va innovatorlari. Ularning zamonaviy bilim va salohiyati esa Yangi O‘zbekistonning raqamli taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.