Close
Skip to main content


Rektor Sport faoliyati fakulteti jamoasi bilan uchrashdi


Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova kunning ikkinchi yarmida Sport faoliyati fakulteti jamoasi bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida fakultet dekani O‘ktam Matnazarov tomonidan 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda 2026/2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan hisobot taqdim etildi.

Muloqot davomida universitet talabalarining sportga keng jalb etilishini ta’minlash, ularning xalqaro va respublika miqyosidagi sport musobaqalarida faol ishtirok etishi, g‘olib va sovrindorlarni munosib rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, iqtidorli sportchilar uchun yuqori natijalarga erishish, xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etish va jahon chempionlari safini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Bu borada universitetda yaqinda barpo etilgan 370 o‘rinli sport majmuasi va stadion, shuningdek, rekonstruksiya qilinib, zamonaviy sharoitlar yaratilgan Sport faoliyati fakulteti binosining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, talabalar va yoshlarning muntazam sport bilan shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda talabalarimizning “Yangi O‘zbekiston” talabalari musobaqasida 2-o‘rinni egallagani alohida e’tirof etilib, erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash, 5 tashabbus olimpiadasi doirasidagi sport musobaqalariga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.

Muloqot davomida professor-o‘qituvchilarni xorijiy stajirovkalarga yuborish, xalqaro professor-o‘qituvchilar va talabalarni ta’lim jarayoniga jalb etish, TOP-300 talikka kiruvchi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or o‘quv dasturlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, kafedralarning ilmiy salohiyatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy maktablar yaratish, sportni ilm-fan bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida fakultetning ta’lim, ilmiy va sport sohalaridagi faoliyatini yanada takomillashtirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriq va vazifalar berildi.